Otabek Umarov yangi lavozimga tayinlandi
Sport
−
15 dekabr 2020
25808Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti etib tayinlandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshlamoqda. Bugun, 15 dekabr kuni Assambleyadan bir kun avval an’anaga ko‘ra 74-Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qo‘mitasiga a’zolar saylandi.
O‘zbekiston 2025 yil IV yoshlar Osiyo o‘yinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta o‘z vakilini sayyoraning eng yirik qit’asida olimpiya harakatiga mas’ul bo‘lgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega bo‘ldi. Bu lavozimga Otabek Umarov nomzodi ko‘rsatilgandi.
Bugun bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi va Otabek Muhammadilevich tashkilot vitse-prezidenti etib rasman saylandi.
“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qit’ada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shish men uchun sharaf. Toshkentda o‘tadigan 2025 yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish Yangi O‘zbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va g‘ayratimizni ishga solamiz”, dedi Otabek Umarov.
Ertaga, 16 dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025 yil yoshlar Osiyo o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.