Otabek Umarov Taysonga WBC chempionlik kamarini topshirdi (fotoreportaj)
Sport
−
17 noyabr 2023
17610Bugun, 17 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Humo arena”da katta professional boks oqshomi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mehmon sifatida ishtirok etayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi – Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning yillik 61-Konvensiyasi doirasida Toshkentda bo‘lib turgan afsonaviy bokschi Mayk Taysonga WBC chempionlik kamarini topshirdi.
“Mazkur boks oqshomiga tashrif buyurgan mehmonlarimiz – Mayk Tayson va Evander Xolifild O‘zbekistonga kelganidan xursandmiz”, deya so‘z boshladi Umarov.
Shundan so‘ng, ring markazida Mayk Taysonga WBC chempionlik kamari hamda O‘zbekiston bayrog‘i aks ettirilgan maxsus boks xalati kiydirilgan holda “Temir Mayk”ning qo‘li baland ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar -57,1 kg vazn toifasida ukrainalik Aleksandr Yegorovga qarshi ringga ko‘tarilgan Abdumalik Xalokov ham texnik nokaut evaziga g‘olib bo‘ldi.
Undan so‘ng esa Tanzaniya vakili Maono Alliga qarshi ringga ko‘tarilgan Qudratillo Abduqahhorov ham muddatidan oldin g‘alaba qozondi.
Shuningdek, Mirazizbek Mirzahalilov xitoylik Runki Jou bilan kuch sinashib to‘liq, 8 raundlik jangni o‘z foydasiga hal qildi.
Mirzahalilovdan keyin xitoylik Yangcheng Jinga qarshi ringga ko‘tarilgan Mujibillo Tursunov ham to‘liq 8 raund jang o‘tkazdi va 80:72, 80:72, 80:72 hisobi bilan Tursunov o‘ziga tegishli WBC Central Asia kamarini himoya qildi.
Kechaning markaziy jangi hali oldinda va 10 raundlik mazkur to‘qnashuvda Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga chiqadi.
LiveBarchasi