Otabek Umarov kelajakdagi maqsadlarini ochiqladi

Sport

image

Xabaringiz bor, ertaga, 23 noyabr kuni poytaxt Toshkentdagi “Humo Arena” sport majmuasida ilk bor MMA GFC-20 turniri bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir oldidan bugun, 22 noyabr kuni “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi raisi, Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov yangi tashkil etilgan assotsiatsiyaning maqsad va vazifalari haqida gapirdi. 

“Men avvalo GFC kompaniyasi faxriy Prezidenti Abdulmannop Nurmuhamedov va UFC bo‘yicha jahon chempioni, do‘stim Habib Nurmuhamedovga minnatdorchilik bildiraman. Ular bizning taklifimizni qabul qilib, GFC-20 turnirini Toshkentda o‘tkazilishiga rozilik bildirishdi. 

Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasini tashkil etishimizdan asosiy maqsadimiz – sport orqali mamlakatimiz nomini jahon arenalariga olib chiqish. Bilasizki, yurtimizda sportning bu turiga qiziquvchi yoshlar, iqtidorli sportchilar talaygina. Ular mamlakatimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishiga ishonaman.

Bu boshlanishi. O‘zimizning sportchilarimizni dunyoga olib chiqish uchun xorijdan tajribali sportchilar va murabbiylarni taklif qilib, ular bilan maslahatlashgan holda mamlakatimizda sportni rivojlantiramiz. 

Bu birinchisi. Kelasi yildan boshlab o‘zimizda yig‘inlarni o‘tkazish va har bir viloyatda yaxshi sportchilarni yetishtirib chiqarish, ularni jahon arenalariga olib chiqishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, GFC’ning boshqa musobaqalarini Toshkentda va viloyatlarimizda o‘tkazishga harakat qilamiz”.

GFC-20 musobaqasi doirasida Rossiya (5 nafar), O‘zbekiston (7 nafar), shuningdek, Ozarbayjon, Fransiya, Braziliya, Argentina, Surinam, Tunis va Ukraina davlatlarining sportchilari ishtirokida 12 ta jang tashkil etiladi. 

Kechaning asosiy bahsida rossiyalik Umar Nurmuhamedov va argentinalik Brayan Gonsales yengil vazn toifasida GFC chempioni unvoni uchun kurash olib boradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov Habib Nurmuhamedov GFC-20 MMA

Baholaganlar

478

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing