Ota-onalar “Open budget”ga ovoz berishga majburlandi. Jazoni esa o‘qituvchi oldi
3-sahifa
−
15 mart
6759Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi o‘quvchilarning ota-onalaridan “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz berishni talab qilgani aytilayotgan audio xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Sizdirilgan audioda o‘qituvchi ota-onalar soat 14:00 atrofida bolalarini maktabdan olib ketish uchun kelishini aytib, barcha ota-onalar maktabning o‘zida “Tashabbusli byudjet” uchun ovoz berishi shartligini aytgan.
“Bugun bolalaringizni olib ketish uchun soat 14:00 da kelasiz, barcha telefonini olib kelsin. Shu yerning o‘zidan “Tashabbusli byudjet”ga ovoz berasiz. Men administratsiyaning 1-“a” sinf umuman ovoz bermayapti, degan gaplaridan charchadim. Men bilmayman, qanday ovoz berasiz, kimnidir olib kelasizmi, qayerdandir olasizmi, har biringiz bitta yoki ikkita ovoz berishingiz shart”, deyiladi ovozli xabarda.
Chirchiq shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlariga ko‘ra, mazkur 8-sonli umumta’lim maktabi 2024 yilda mukammal ta’mirdan chiqqan. Lekin maktabning atrofi devor va panjara bilan to‘liq o‘ralmagani sababli maktab ma’muriyati hududni devor va panjara bilan o‘rash maqsadida “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etmoqda.
“Maktabda bugungi kunda jami 1300 ta o‘quvchi tahsil olayotganini inobatga olgan holda barcha pedagog xodimlar va o‘quvchilardan bittadan ovoz berishga jalb etilgan, lekin ovoz berishga hech kim majbur qilinmagan”, deyiladi munosabatda.
Boshqarmaning bildirishicha, yuqoridagi holatda maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi M.L. o‘z tashabbusi bilan ota-onalarni ham jalb qilishga harakat qilgan.
“Bu ba’zi ota-onalar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Maktab ma’muriyati tomonidan ovoz yig‘ish masalasida hech kimga qat’iy talab qo‘yilmagan. Jami to‘plangan ovozlarning barchasi shu kunga qadar ixtiyoriy va shaffof tarzda yig‘ilgan”, deyiladi xabarda.
Vaholanki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioda o‘qituvchi maktab ma’muriyatidan 1-“a” sinf umuman ovoz bermayapti, degan gapni eshitishdan charchaganini aytganini eshitish mumkin.
Bildirilishicha, yuqoridagi holat bo‘yicha boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi M.L bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Maktab rahbari esa ogohlantirilgan.
Ma’lumot uchun, “Tashabbusli byudjet”ning 2025 yilgi 1-mavsumi uchun loyihalar 1-20 fevral kunlari davomida kiritildi. Saralashdan o‘tgan loyihalarga 11-20 mart kunlari ovoz yig‘iladi. G‘oliblar 21 mart – Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilarni “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz yig‘ishga majburlamaslikka va bunday holat yuz bergan taqdirda o‘qituvchilarni vazirlikka xabar berishga chaqirgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

