Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 3 nafar bola Rossiyadan qaytarildi
Jamiyat
−
30 aprel 2385 1 daqiqa
Kecha, 29 aprel kuni Rossiyaning Moskva shahridagi “Altufevo” ijtimoiy-reabilitatsiya markazi xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga uch nafar voyaga yetmagan fuqaro qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirilgan.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va psixologik yordam ko‘rsatish ishlari tezkor tarzda yo‘lga qo‘yilgan.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bolalarning yaqin qarindoshlari aniqlab, ularni oila bag‘riga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2024 yildan hozirgi vaqtga qadar 40 nafardan ortiq voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolari respublikaga olib kelinib, oilaviy muhitga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasining Astraxan viloyatida ikki yengil avtomobil to‘qnashuvi tufayli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ota-onasi halok bo‘lgan 11 yoshli bola O‘zbekistonga qaytarilgandi.
Live
Barchasi