Ostonada yig‘ilayotgan SHHT yetakchilari. Sammitdan nimalar kutilmoqda?
Olam
−
03 iyul
50923-4 iyul kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 24-kengaytirilgan sammiti bo‘lib o‘tadi.
Bir kun avval Xitoy rahbari Si Szinpin davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga bordi. U ham sammitda ishtirok etadi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa bugun, 3 iyul kuni ertalab Ostonaga yetib bordi.
Shuningdek, Qozog‘iston poytaxtiga mamlakati tashkilotda kuzatuvchi bo‘lgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiin Xurelsux ham keldi. Ostonadagi sammitda SHHTning markaziy osiyolik a’zolaridan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etadi. Tojikiston tomonidan sammitda Prezident Imomali Rahmonning qatnashish-qatnashmasligi hozircha ma’lum qilinmadi.
Hindiston tomondan sammitda Bosh vazir Narendra Modi emas, balki Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar ishtirok etadi. Pokiston tomonidan esa Bosh vazir Shahboz Sharif qatnashadi. Erondan prezident vazifasini bajaruvchi Muhammad Moxber keladi. SHHTda kuzatuvchi maqomidagi Belarusga esa Aleksandr Lukashenko vakillik qiladi.
Sammitning kengaytirilgan formati tashkilotning muloqot bo‘yicha hamkorlari bo‘lgan mamlakatlar rahbarlarining ishtirok etishini nazarda tutadi. Ular orasida Ozarbayjon, Qatar, BAA, Turkmaniston va Turkiya bor. Ozarbayjon va Turkiyadan Prezidentlar Ilhom Aliyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun , Xalqaro tashkilotlardan SHHTning Ostona sammitida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev va KXSHT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti rahbarlari ishtirok etadi.
“Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash: barqaror tinchlik va taraqqiyotga intilish” shiori ostida o‘tadigan sammitning asosiy kun tartibi dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishda SHHT rolini kuchaytirishdan iborat bo‘ladi. Rahbarlar barqarorlikni ta’minlash uchun birinchi navbatda xalqaro savdo va iqtisodiyotga e’tibor qaratish niyatida. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, infratuzilma, energetika, ekologiya, sog‘liqni saqlash, turizm, ta’lim, raqamlashtirish, transport va logistika masalalari ham muhokama qilinadi. Sammit yakunlari bo‘yicha turli sohalarga oid 20 dan ortiq hujjatlar, jumladan, SHHTning dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar va istiqbolli tadqiqotlar bo‘yicha pozitsiyasini aks ettiruvchi Ostona deklaratsiyasi, shuningdek, SHHTning 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasi va “2030 yilgacha SHHT energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasi” qabul qilinadi.
Sammit kun tartibidagi muhim mavzulardan biri ham terrorizmga qarshi kurash mavzusi bo‘ladi. Tadbirda “2025-2027 yillarga mo‘ljallangan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi” va “SHHTning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi” muhokama qilinadi. Belarusning SHHTga to‘laqonli a’zoligi bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Sammitdan so‘ng SHHTga raislik Xitoyga o‘tadi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi