Ostonada Suriya bo‘yicha navbatdagi muzokaralar boshlandi
Olam
−
11 noyabr
1781Bugun, 11 noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Suriyadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha 22-muzokaralar bosqichi boshlandi. Bu haqda “Kazakhstan Today” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki kun davom etadigan tadbirda Ostonadagi jarayonning kafolatchi davlatlari sifatida Rossiya, Turkiya va Eron delegatsiyalari, shuningdek, Suriya hukumatidan va muxolifatidan vakillar ishtirok etadi. BMT, Iordaniya, Livan va Iroq vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashishi kutilmoqda.
Uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin olgan:
- Suriya atrofidagi mintaqaviy vaziyatning rivojlanishi;
- mamlakatdagi vaziyatni keng qamrovli hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar;
- Suriyaning “yer usti”dagi vaziyati;
- ishonch choralarini kuchaytirish, shu jumladan, garovdagilarni ozod qilish va bedarak yo‘qolganlarni qidirish;
- gumanitar vaziyat va mojarodan keyingi tiklanishni qo‘llab-quvvatlash hamda suriyalik qochqinlarni vataniga qaytarish uchun sharoit yaratish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat kuchlarini safarbar qilish.
Ma’lumot uchun, Ostonada Suriya bo‘yicha xalqaro uchrashuvlar 2017 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, 2023 yil 21 iyun kuni Ostonada 20-davra uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va o‘sha vaqtda Qozog‘iston bunday uchrashuvlarni o‘tkazish bo‘yicha qo‘yilgan vazifani bajarishini e’lon qilgan. Shundan so‘ng, joriy yil 24-25 yanvar kunlari 21-uchrashuv o‘tkazilgan va unda kafolatchi davlatlar Suriyaning suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.