Ostonada sodir bo‘lgan yong‘inda bolalar halok bo‘ldi
Olam
−
18 noyabr
2898Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi ikki qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida to‘rt nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi. Bu haqda shahar FVV matbuot xizmatiga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 noyabr kuni erta tongda Ostonadagi ikki qavatli uyning tomi yonib, qisman qulab tushgan. Voqea joyida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tadqiqot laboratoriyasi ishlagan, shuningdek, halok bo‘lganlarning yaqinlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va halokatlar tibbiyot markazi psixologlari yordam bergan.
“Xabar kelib tushganidan keyin qutqaruvchilar 6 daqiqada voqea joyiga yetib keldi va ochiq yong‘inni aniqladi. Yong‘in 500 kvadrat metr maydonni qamrab olgan va to‘liq bartaraf etilgan. Ammo yong‘in oqibatida 2011, 2015, 2021 va 2022 yillarda tug‘ilgan to‘rt nafar bola halok bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Hodisa sabablarini aniqlash ishlari boshlangan va sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati Jitikara shahrida joylashgan shaxsiy tomorqa hududida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 5 nafar bola halok bo‘lgan edi.