Suriyadagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar Dohada bo‘lib o‘tishi mumkin
Olam
−
03 dekabr
1313Rossiya, Eron, Turkiya va Qatarning yuqori martabali vakillari joriy yilning 7-8 dekabr kunlari Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tadigan forumda Suriyadagi vaziyat bo‘yicha uchrashuv o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.
“Kelgusi hafta Dohada Qatar, Eron, Turkiya va Rossiya ishtirokida Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun uchrashuv bo‘lib o‘tishi mumkin”, degan u.
Ma’lum qilinishicha, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham “Ostona formati”ni tiklash va yaqin kelajakda Turkiya, Rossiya va Eron tomonidan Suriyadagi vaziyatni hal qilish maqsadida vazirlar darajasida uchrashuv o‘tkazish rejalari haqida xabar bergan. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mavzu Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan suhbatda muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, 2011 yildan beri Suriyada qurolli mojaro davom etmoqda. “Ostona formati” deb nomlanuvchi Ostona muzokaralari 2017 yildan beri ishlab kelmoqda. Ushbu davr mobaynida 21 uchrashuv bo‘lib o‘tgan. “Ostona formati”ga Rossiya, Eron va Turkiya Suriya inqirozini hal qilish jarayonining kafil davlatlari sifatida, shuningdek, Suriya hukumati va muxolifat vakillari, BMT va kuzatuvchi mamlakatlar Iordaniya, Livan va Iroq kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron tomoni tashabbusi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Tomonlar Suriya qonuniy hukumati tomonidan konstitutsiyaviy tartibni tiklash va mamlakat hududiy yaxlitligini saqlashga qaratilgan harakatlarni mutlaq qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Bundan tashqari, Prezidentlar Turkiya ishtirokidagi “Ostona formati” (Suriyadagi muammolar bo‘yicha muzokaralar jarayoni) doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning muhimligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr