Ostonada urush turgandek...
Tahlil
−
06 yanvar 2020
335283 yanvar tongi. Panada yotgan maqsadlar uyg‘ondi.
Iroq poytaxti Bag‘doddagi xalqaro aeroportda Eron Islom Respublikasining (EIR) Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) tarkibiga kiruvchi “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy AQSH havo zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Natijada allaqachon qil ustiga kelib qolgan ikki davlat munosabatlari norasmiy urushga aylanib ketdi. Hodisa xalqaro hamjamiyatni oyoqqa turg‘azdi.
Ta’kidlash kerakki, Eron va AQSH munosabatlari busiz ham havas qilgulik bo‘lmagan, ammo hozirgidek keskin tus ham olmagan. Bugun yuzaga kelgan siyosiy muhitda ikki davlat aloqalari tarixiga to‘xtalib, voqealar xronologiyasiga nazar tashlasak.
AQSH-Eron munosabatlari tarixi
Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1883 yilda o‘rnatilgan. U vaqtlar Eron Fors imperiyasi deb atalgan va uni shahanshoh boshqargan. AQSHning Eronga kirib borishi Ikkinchi jahon urushi vaqtida kuchaygan. Negaki, mamlakat sobiq Sovet Ittifoqiga lend-liz yetkazib berish uchun koridor vazifasini bajargan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin to 1979 yilgacha Eron-Amerika munosabatlari yaxshi bo‘lgan. AQSH Eron Sovet Ittifoqi tomoniga o‘tib ketmasligi va uning boyliklaridan beminnat foydalanish uchun unga yaqinlashgan va moliyaviy ko‘mak bergan, albatta, bularni qaytarish sharti bilan.
1978-79 yillarda yuz bergan Islom inqilobi natijasida Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatdan chiqib ketgan. 1980 yilda Eronda AQSH elchixonasi vakillari hibsga olinganidan ikki mamlakat aloqalari butunlay uzilgan.
Keyingi davrlarda AQSH Eronning yadro dasturiga norozilik bildirgan. Shuning uchun, Eronga qarshi ko‘plab sanksiyalar joriy qilgan va bu cheklovlar hamon o‘z kuchida. Bundan tashqari, Amerika EIRni HAMAS, “Hizbulloh” kabi terrorchi tashkilotlarni ta’minlab turishini qoralaydi.
2013 yilda Hasan Ruhoniy Eron Prezidenti bo‘lgach, munosabatlarda iliqlik kuzatildi. 34 yildan so‘ng ilk bor AQSH (o‘sha vaqtda Barak Obama) va Eron (Hasan Ruhoniy) Prezidentlari telefonda muloqot qildi. Aynan Ruhoniy davrida “6+1” (AQSH, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Eron) shaklida Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Munosabatlarning qayta keskinlashuvi
Shu vaqtgacha hammasi deyarli risoladagidek kelayotgandi, ammo 2018 yilda AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakati Eron yadro dasturi bo‘yicha “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi”ga amal qilishni to‘xtatishini va qadrdon sanksiyalarni tiklashini ma’lum qildi. Shunday so‘ng munosabatlar yana “minus”ga qarab ketdi.
2018 yil iyunida Tramp Eronga qarshi harakat qilishini ochiqcha bildirdi. Natijada iyul-avgust oylarida IIPK kuchlari turli vajlar bilan Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi bir nechta tankerni qo‘lga oldi.
Bundan tashqari, 2018 yilda Eronga aloqador shia jangari guruhlari AQSH harbiylariga hujumlar uyushtirdi. Amerika bu guruhlarni o‘z diplomatik korpusiga hujum qilishda aybladi. Buning uchun hatto, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronni jazolash istagi ham paydo bo‘ldi. Ammo Pentagonning o‘sha vaqtdagi rahbari Jeyms Mettis Trampni bu fikrdan to‘xtatib qoldi.
2018 yilning noyabrida AQSHning Eronga qarshi sanksiyalari tiklandi.
2019 yilning aprel oyida AQSH butun boshli IIPKni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Bunga javoban Eron AQSHning Yaqin Sharq, Sharqiy Afrika va Markaziy Osiyodagi harakatlarga javobgar Markaziy qo‘mondonligi va unga aloqador tuzilmalarni terrorchi deb e’lon qildi.
Bu orada 2019 yilning may-iyun oylarida Ummon ko‘rfazida BAA va boshqa davlatlar neft tankerlari hujumga uchradi. Keyinroq Saudiya Arabistoni milliy neft kompaniyasi “Saudi Aramco” ob’ektlariga hujum uyushtirildi. Ammo buning ortida kim turgani mavhumligicha qoldi.
2019 yilning 20 iyunida IIPK havo kuchlari Fors ko‘rfazida Amerika dronini urib tushirdi. Eron bunga sabab qilib o‘z havo hududi buzilganini ko‘rsatdi, AQSH buni inkor etib, dron xalqaro havo hududida uchganini iddao qildi. AQSHning bunga javoban tayyorlagan zarbasi hujum boshlanishiga 10 daqiqa qolganda bekor qilindi. Tramp bir dron hujumdan keyingi oqibatlar uchun arzimasligini ta’kidladi.
2019 yilning 27 dekabr kuni AQSHning Iroqdagi harbiy bazasiga shia jangari guruhlari tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida bir necha amerikalik halok bo‘ldi va mana shu hodisa keyingi voqealarning tamal toshi vazifasini bajardi. 28 dekabr kuni Tramp AQSH Harbiy havo kuchlariga Iroqdagi shialarning “Kataib Hizbulloh” harakati ob’ektlariga hujum qilishni buyurdi. Natija, 30 dekabr kuni namoyishchilar Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga hujum qildi.
Va nihoyat, 2020 yil 3 yanvar kuni AQSH-Eron munosabatlarida “portlash”ga sabab bo‘lgan voqea yuz berdi. Eronning bosh strategi, mamlakat tashqi siyosatining yo‘naltiruvchisi Qosim Sulaymoniy o‘zga davlat hududida o‘ldirildi. Eron Oliy rahbari Oyatullo Ali Humanaiy bu uchun qasos olishga va’da berdi. O‘sha kuni Eron Amerikaning 36 ta harbiy bazasiga zarba berishi mumkinligi ochiqlandi. Uning ortidan Iroqdagi AQSH elchixonasi yaqinida raketa portadi. Shuningdek, Amerika harbiylari foydalanadigan Balad harbiy-havo bazasi hujumga uchradi.
Ikki davlat o‘rtasida urush bo‘ladimi?
Soat sayin yomonlashayotgan AQSH-Eron munosabatlari butun dunyoda bir savol tug‘diradi: Urush bo‘ladimi? Aslida-ku, norasmiy urush allaqachon boshlangan, ammo bu davlatlarning rasmiy qurolli kuchlari darajasiga chiqmagan.
Qosim Sulaymoniy so‘nggi 20 yil davomida Eron strategiyasi va tashqi siyosatining me’mori bo‘lgani shubhasiz. Ammo har qancha muhim bo‘lganda ham Sulaymoniyning qotilligi uchun urush boshlash to‘g‘ri bo‘lmaydi, agarda davlat obro‘si uchun bu ishga qo‘l urilsa, uni ham qabul qilish mumkin. Agar Amerika yana biror ahmoqlikka qo‘l ursa, shunday bo‘lishi turgan gap.
AQSH ham Eron ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushni istamaydi. Chunki talafot dahshatli bo‘lishi shubhasiz. Eron har qancha ko‘p shovqin ko‘targani bilan bevosita AQSH hududiga zarba berolmaydi. Demakki, urush boshlansa, u Eronga yaqin hududda yuz beradi. Bu esa millionlab eronliklarning halokati degani. O‘z navbatida AQSH ham urushdan yengil qutilmaydi. Eronning qo‘li okean ortiga yetmas, ammo burnining tagida Amerikaning “ukasi” Isroil bor, bu bilan ham hovrini bosolmasa Saudiya Arabistoni bor.
Bir tomondan, Sulaymoniyning o‘limi AQSHga unchalik kerakmasdek. Sulaymoniy AQSHdan ko‘ra Isroilga xavfliroq bo‘lgan. Amerikaning Yaqin Sharqdagi mavjudligi, Eron zimmasiga yuklangan 40 yillik sanksiyalar kim uchun? O‘ylashimizcha, bu Isroil, uning yo‘q bo‘lib ketmasligi va, albatta, energetik boyliklar uchun. Eron doim yahudiylar davlatini yo‘q qilishini ochiqcha aytib kelgan. Ammo sanksiyalar mamlakatning qo‘l-oyog‘iga solingan “kishan”dek gap. Urush boshlansa, birinchi nishon Bahrayndagi AQSHning Markaziy qo‘mondonligi, ikkinchisi Tel-Aviv bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun, AQSH ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlardan tiyilishi turgan gap.
Albatta, Eronning ikkinchi odami boshqa davlat hududida terrorchilardek o‘ldirilishi unutib ketadigan hodisa emas. Eron buning hisobini AQSHdan so‘raydi. Ammo bu boshqalar qo‘li bilan amalga oshirilishi haqiqatga yaqinroqdek...
Sulaymoniyning o‘ldirilishiga turli darajadagi harbiylar, siyosatchi, eronshunos va Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirdi.
Xususan, “Arab bahori” va Yaqin Sharq geosiyosati bo‘yicha mutaxassis Set Jons mazkur qotillik AQSH va Eron mojarosini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.
AQSHninng sobiq vitse-prezidenti Jozef Bayden hodisaga quyidagicha munosabat bildirdi:
“Prezident Tramp porox bochkasiga dinamit tashladi. Endi bo‘lsa, u amerikaliklarga bizning elchixona xodimlari va harbiylarni, odamlarimiz va qarashlarimizni ham uyda, ham xorijda, shuningdek, mintaqadagi hamda uning tashqarisidagi sheriklarimizni qanday himoya qilishini aytishi kerak”.
AQSH Prezidentligi uchun Demokratlar partiyasidan nomzod Elizabet Uorren general Sulaymoniy “qotil” ekanini ta’kidlagan holda, uning jismonan yo‘q qilinishini ahmoqona qadam deb atadi.
“Ushbu harakatga baho berish qiyin”, degandi iste’fodagi general Devid Petreus. U Afg‘oniston va Iroqdagi operatsiyalarda qo‘mondonlik qilgan va MRB direktori bo‘lgan. Petreus bu operatsiya Iroq va katta ehtimol bilan Suriyada ham aks sado berishini ta’kidlagandi. Petreus haq bo‘lib chiqdi. Sulaymoniy o‘ldirilishiga qarshi namoyishlar nafaqat Yaqin Sharqda balki Pokiston va Kashmirda ham avj oldi.
Islom inqilobi posbonlari korpusi haqidagi “Vanguard of Imam” (“Imom avangardi”) kitobi muallifi Afshon Ostovar Sulaymoniy o‘ldirilganidan keyin Eron Oliy rahbari tezda “Quds”ning yangi qo‘mondonini tayinlashini aytgandi.
“U (tahr. Qosim Sulaymoniy) Islom Respublikasining tashqi olamga ko‘rsatgan belgisi, ularning strategiyasining ramzi edi, ammo strategiyaning o‘zi u bilan yakunlanmaydi”, degan Ostovar.
Ostovar haq bo‘lib chiqdi. Oyatullo Ali Humanaiy o‘sha kunning o‘zida “Quds”ning yangi qo‘mondonini tayinladi.
Xalqaro hamjamiyat fikri
Dunyoga “tirgak” bo‘lishga urinuvchi davlatlar bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. Rossiya AQSHni mintaqada qurolli mojaro keltirib chiqarishda ayblagan bo‘lsa, Xitoy tomonlarni, xususan, AQSHni bosiqlikka chaqirdi. Mintaqadagi yirik kuch Turkiya Sulaymoniyning o‘limini Yaqin Sharqdagi tinchlik uchun katta xavf deb qarshi oldi.
Fransiya esa tinchlik tarafdori ekanini va eng ko‘p Sulaymoniyning o‘limi kabi Eron-AQSH munosabatlarini keskinlashtiruvchi hodisalardan cho‘chib turganini ta’kidlab o‘tdi. Buyuk Britaniya bo‘lar ish bo‘ldiku, kelinglar endi qurollarni tashlab, tinchlikda yashaylik qabilida munosabat bildirdi.
Hozirda Eron AQSH harbiy ob’ektlariga hujumga tayyorlanyapti. Voqealar rivoji qanday bo‘lishi mavhum. Umid qilamiz, barchasi minimal yo‘qotishlar bilan barham topadi. Bu holatdan chiqishning diplomatik yo‘l yo‘qligi kundek ravshan.
LiveBarchasi