Osmono‘par binolar va turistik zona: G‘azoni tiklash rejasi e’lon qilindi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida urushdan keyingi G‘azo bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etdi. Uning aytishicha, “bosh reja bor, B rejasi yo‘q”. Bu haqda CNN xabar berdi.

Taqdimot joriy yilning 22 yanvar kuni Trampning tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomi imzolanganidan so‘ng darhol o‘tkazilgan. Mazkur kengash Isroil va HAMAS o‘rtasida 2025 yilning oktyabr oyida kelishilgan 20 banddan iborat o‘t ochishni to‘xtatish rejasining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Ushbu kelishuvga erishishda muhim rol o‘ynagan Kushner optimistik bayonotlar bergan, biroq Trampning dastlabki rejasida muhim o‘rin tutgan xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlar haqida gapirmagan.

Rejaga ko‘ra, G‘azo sohilbo‘yi hududida “qirg‘oqbo‘yi turizm” zonasi tashkil etiladi. U yerda 180 tagacha osmono‘par bino qurilishi mo‘ljallangan bo‘lib, ularning aksariyati mehmonxona bo‘ladi. Xarita orqali G‘azoning Misr bilan chegarasiga yaqin janubi-g‘arbiy qismida port, portdan ichkarida esa aeroport uchun hudud belgilangan.

Kushner ikkita shahar loyihasini ajratib ko‘rsatgan – Yangi Rafah va Yangi G‘azo. Yangi Rafahda 100 mingdan ortiq doimiy turarjoy, shuningdek, 200 dan ziyod maktab va 75 dan ortiq tibbiyot muassasasi qurilishi rejalashtirilgan. Uning aytishicha, qurilish ishlari ikki-uch yil ichida yakunlanishi mumkin, vayronalarni tozalash ishlari esa allaqachon boshlangan.

Yangi G‘azo sanoat markaziga aylantirilishi va 100 foiz bandlikka erishilishi ko‘zda tutilmoqda. Kompyuter tasvirlarida Doha va Dubay kabi Fors ko‘rfazi shaharlarini eslatuvchi, qirg‘oqbo‘yi mehmonxonalari va ofis binolari bilan jihozlangan megapolis ko‘rsatilgan.

Kushnerning aytishicha, dastlabki moliyaviy badallarni hukumatlar kiritadi, ilk e’lonlar esa yaqin bir necha hafta ichida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan konferensiyada qilinadi. U xususiy sektorni ham faol bo‘lishga chaqirib, “juda jozibador investitsiya imkoniyatlari”ni va’da qilgan.

Kushner HAMASni qurolsizlantirish nazorati faqat falastinliklar tomonidan tayinlangan shaxslardan iborat yangi texnokratik qo‘mita zimmasiga yuklanishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, agar HAMAS qurolsizlanmasa, “aynan shu holat G‘azo aholisining o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishiga to‘sqinlik qiladi”.

Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishi taqdimot slaydlarida atigi bitta jumla bilan tilga olingan.

“G‘azoning qurolsizlantirilishi SAXAL kuchlarini xavfsizlik zonasidan to‘liq olib chiqishga imkon beradi”, deyiladi hujjatda.

G‘azoning yangi texnokratik qo‘mitasi rahbari Ali Shaat kelasi hafta G‘azo va Misr o‘rtasidagi Rafah o‘tish punkti ochilishini e’lon qilib, anklav “endi kelajak va dunyo uchun yopiq emas”, degan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolagani haqida xabar berilgan edi. Hujjatni u bilan birga jami 19 davlat vakillari, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jared Kushner G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing