Osmon uzilib, yerga tushgani yo‘q — Prezident “propiska“, ”stiker“ va ”qora bozor"ning yo‘q qilingani haqida

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosma nashrga bergan intervyusida mamlakatda propiska, majburiy mehnat va “qora bozor” yo‘q qilinganiga to‘xtalib o‘tdi.

“So‘nggi paytda ko‘pgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish bo‘yicha g‘oyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan bo‘lsak, bu bilan osmon uzilib, yerga tushgani yo‘q. Aksincha, byurokratiya, vazifani suiiste’mol qilish, tamagirlik ko‘rinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda”, deydi Prezident.

Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash ekanini, shu bois iqtisodiy tizimi to‘liq qayta qurilayotgani va bozor mexanizmlari joriy qilinayotganini ta’kidladi.

“Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha bo‘lishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, O‘zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar tarixda qoldi”, deydi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib.

Shavkat Mirziyoyev uzoq yillar davomida odamlar paxta terimiga majburan olib chiqilganini eslab, endilikda sohaga bozor iqtisodiyoti joriy qilinganini urg‘uladi.

“Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta bo‘yicha – 50 sentner, g‘alla bo‘yicha 100 sentnerdan hosil olishni ko‘zlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko‘rib – ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing