Osiyoning 2 jamoasi JCHga yo‘l oldi

Sport

image

Kecha, 14 oktyabr kuni Jahon chempionatiga saralashning Osiyo qit’asi bo‘yicha 4-bosqichi yakunlandi. Unda Qatar va Saudiya Arabistoni terma jamoalari 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Osiyo saralashining to‘rtinchi bosqichida oltita jamoa ikki guruhga bo‘lingan bo‘lib, har bir guruh g‘olibi Qatar va Saudiya Arabistoni to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionatiga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi.

“A” guruhida Qatar Birlashgan Arab Amirliklarini (BAA) mag‘lub etib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. JCH-2022 mezbonlari bo‘lgan Qatar o‘yinning ikkinchi bo‘limida Akram Afifning jarima zarbasidan so‘ng Boualem Xouki bosh bilan hisobni ochdi. 74-daqiqada esa Pedru Migel Afifning uzatmasidan so‘ng natijani 2:0 ga yetkazdi. 89-daqiqada Tarek Salman maydondan chetlatilgach, BAA bir gol urishga erishdi, biroq yakunda Qatar g‘alabani saqlab qoldi. Bu g‘alaba Qatar terma jamoasiga ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etish imkonini berdi.

“B” guruhida esa Saudiya Arabistoni Iroq bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bu natija Saudiyaga mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘ldi. Saudiya to‘pga egalikda ustun bo‘lib, bir necha bor gol urish imkoniyatiga ega bo‘ldi, biroq raqib darvozaboni Navaf al-Akidining mahoratli o‘yini sabab uchrashuvda hisob ochilmadi. Shunga qaramay, bu durang Saudiya Arabistonini ketma-ket uchinchi, umumiy hisobda esa yettinchi bor Jahon chempionatiga olib chiqdi.

Ma’lumot uchun, endi Iroq va BAA keyingi oyda ikki o‘yindan iborat pley-off bahsida to‘qnash keladi. Ushbu juftlikning g‘olibi 2026 yil mart oyida konfederatsiyalararo pley-off bosqichida ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 525 ming aholiga ega davlat Kabo-Verde o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

futbol Jahon chempionati Qatar Saudiya Arabiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing