O‘zbek bokschilari Osiyo chempionati oldidan qanday holatda?

Sport

image

Joriy yilning 17-27 aprel kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida boks bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati bahslari o‘tkaziladi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari barcha 10ta vazn toifasida g‘oliblik uchun ringga ko‘tariladi. Shu munosabat bilan kecha, 12 aprel kuni matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining o‘rinbosari Saken Polatov, terma jamoa murabbiylari va a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari O.Qosimov so‘nggi yillarda O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni e’tirof etgan holda bo‘lajak musobaqada o‘zbek charm qo‘lqop ustalaridan yuksak natijalar kutayotganini bildirdi.

Shundan so‘ng erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov Osiyo chempionati oldidan terma jamoa a’zolari bir qator yig‘inlarda ishtirok etgani, ayniqsa xorijdagi xalqaro turnirlar bokschilarning tayyorgarligini ko‘zdan kechirishda muhim omil bo‘lganini ta’kidladi.

Ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Lochin Qo‘chqorov esa musobaqaga tayyorgarlik jarayonidan ko‘ngli to‘lgani, xususan yaqinda Toshkentda tashkil etilgan yig‘in va unda qozog‘istonlik mashhur bokschi Feruza Sharipovaning ishtiroki yosh qizlarimiz uchun katta mahorat maktabi vazifasini o‘taganligini e’tirof etdi.

Ma’lumki, terma jamoa tarkibidagi eng tajribali bokschilardan biri Hasanboy Do‘stmatov yaqinda o‘z vazn toifasini o‘zgartirdi, endi u 52 kg.gacha bo‘lgan vaznda ringga chiqmoqda. Xo‘sh, sportchining boshqa vazn toifasiga o‘tishiga nima sabab bo‘ldi?

“Xabaringiz bor, avval 49 kg. vazn toifasida ringga chiqardim. Ammo bu menga muhim musobaqalar paytida qiyinchilik tug‘dirar edi, har safar 7-8 kilo vazn haydash sportchini charchatib qo‘yadi. Oxirgi 3-4ta musobaqada 52 kg. vaznda ringga tushyapman va hozir yangi vaznda o‘zimni juda yaxshi his qilmoqdaman. Balki ishonmassiz, ammo ayni paytda jismoniy holatim xuddi Rio olimpiadasidagidek. Nasib qilsa yangi vaznda ham vatanimiz sharafini munosib himoya qilaman”, deb aytib o‘tdi Hasanboy Do‘smatov.


Maqola muallifi

Teglar

boks

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing