Oshayotgan jarimalar, manmansirab ketgan hokim, Murodov ishining yangi tafsiloti va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
30 iyul 2019
642530 iyul kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Shavkat Mirziyoyev qurol to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining Qurol to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra qurolning quyidagi turlari farqlandi:
• fuqaroviy qurol;
• xizmat quroli;
• jangovar qurol.
Fuqaroviy qurol jumlasiga ov, sport va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari kiradi.
Ikki tur jarima miqdori oshiriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Qonunga muvofiq ikki qoidabuzarlik uchun jarima miqdorini oshirish ko‘zda tutilgan.
Toshkentda ayol o‘zini ko‘prikdan tashlamoqchi bo‘ldi
Toshkentda ayol o‘zini ko‘prikdan tashlamoqchi bo‘lganda qutqarildi. Voqea joriy yilning 28 iyul kuni soat 12:35 da Bektemir tumanida yuz bergan. 43 yoshli Nozimaxon K. “Qo‘yliq” bozori yaqinidagi ko‘prikdan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan. Uni tuman IIO FMB xodimlari qutqarib qolgan.
Asakada yangi avtomobillar ishlab chiqariladi
O‘zbekiston Rsepublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019 - 2022 yillarda Andijon viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq viloyatning Andijon shahri va Asaka tumanida mashinasozlikka oid sanoat loyihalari amalga oshiriladi.
Murodovning Abdullayev ishiga aloqadorligi tekshirilyapti
Sobiq Bosh prokuror Otabek Murodov harakatlari Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqilyapti.
“Mushuk”dan qochgan “sichqon” uzr so‘radi
Toshkentda Damas haydovchisi yo‘l-harakati xafsizligi qoidalarini buzib, YPX xodimlaridan qochgani haqida xabar bergan edik.
Kecha, 29 iyul kuni qochoq haydovchi o‘z xohishi bilan ichki ishlar idorasiga borgan va taslim bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda 30 yoshli toshkentlik S.K.ning kechirim so‘ragani tasvirlangan video tarqaldi. Unda haydovchi "qilgan ishidan afsuslangan holda o‘z oyog‘i bilan kelgani"ni ta’kidlaydi. U qilmishi uchun uzr so‘rab, boshqalarni bunday qilmaslikka chaqirgan.
O‘zbekiston Xitoydan olgan yangi “o‘yinchog‘i”ni sinab ko‘rdi (video)
Markaziy harbiy okrugiga qarashli O‘zbekistondagi birinchi raqamli “Kattaqo‘rg‘on” poligonida Xitoy Xalq Respublikasidan xarid qilingan artilleriya snaryadi sinovdan o‘tkazildi.
Yigitlardan birining jasadi topildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 24 iyul kuni oila a’zolari bilan birgalikda, Bo‘stonliq tumani, Nanay MFY, Nanay ko‘chasi, 86-uyga (dalahovliga) dam olish maqsadida kelib, dala hovlining orqa pastki tomonida joylashgan Chorvoq suv omboriga cho‘milish maqsadida tushgan uch yigitdan ikkisi suvga cho‘kib ketgan edi.
Bugun, 30 iyul kuni soat 12:10 da yigitlardan biri – Dilshod Rixsiboyevning jasadi suv ostidan topilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qildi.
O‘lganning ustiga tepgan! Yana Rishton...
O‘lganning ustiga tepgan deb shuni aytishsa kerak. Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidagi voqealar alangasi endigina so‘nishni boshlaganda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman rahbariyatiga nisbatan yangi ayblovlar bilan chiqdi.
Joriy yilning 29 iyul kuni O‘zbekiston axborot agentligining saytida “jannatdan xabarlar” qabilidagi navbatdagi material e’lon qilingan bo‘lib, unda 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida o‘tkazilgan hashar ishlari to‘g‘risida “Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda”nomli qarsakbozlikka yo‘g‘rilgan maqola e’lon qilingandi.
Ro‘ziyev manman va kalandimog‘ bo‘lib ketganini tan oldi
Yakkabog‘! Oxirgi bir haftada O‘zbekistonda dong‘i chiqqan tuman. Endi google qidiruvida eng ko‘p qidirilgan so‘zlar qatoridan o‘rin olsa hech gap emas. Xalq irodasi, Prezident Mirziyoyev islohotlari, ochiqlik, so‘z erkinligi o‘z isbotini topgan va bu davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan voqelik sifatida Yakkabog‘ zamonaviy O‘zbekiston tarixida qolsa, ajab emas.
Bo‘lib o‘tgan voqealar, albatta, achinarli. Xulosalar turlicha. Ma’lumki, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Yakkabog‘dagi hodisalar sabab Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan qattiq ogohlantirildi. Voqealarda viloyat hokimining ham o‘ziga yarasha aybi, yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bor. U bular xususida intervyu berdi.
Sovet razvedkasi “buyuk shpionaj”i vafot etdi
Sobiq Sovet Ittifoqi razvedkasi faxriysi Anatoliy Baronin 86 yoshida vafot etdi. Baronin uch marta tashqi razvedka rezidenti sifatida xorijda bo‘lgan.
Aynan u 1970-yillarda Ebola bezgagi haqida ma’lumotni topa bilgan: o‘shanda ebola yuqtirilgan qon solingan probirkalar “Aeroflot” maxsus reysi bilan SSSRga yuborilgan.
“Sevgi iztirobi” seriali namoyishi yana to‘xtatildi
Kecha, 29 iyuldan e’tiboran “Zo‘r” telekanalida “Sevgi iztirobi” seriali efirga uzatilishi haqida xabar bergan edik. Soat 20:00 da serialning qolgan joyidan efirga uzatildi.
Bugun, 30 iyulga kelib “Zo‘r” telekanalida “Sevgi iztirobi” seriali belgilangan vaqt namoyish etilmadi. Soat 20:00 da serial o‘rnida boshqa ko‘ngilochar ko‘rsatuv efir yuzini ko‘rdi. QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, serial yana efirdan olib tashlangan.
Yakkabog‘lik tadbirkorning o‘g‘li “kalavaning uchi”ni aytib berdi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevni yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Toshkentga olib kelingani haqida xabar bergan edik. Isomovning o‘g‘li Sharofiddin Daminov otasining qamoqxonadagi ahvoli haqida so‘zlab berdi.
LiveBarchasi