Orzuga ayb yo‘q! Qirg‘iziston dunyo tartibini o‘z qo‘liga olmoqchi

Olam

image

Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashining 2027-2028 yillardagi doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov Nyu-Yorkda (AQSH) BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasining umumiy muhokamasida so‘z ochdi.  

Uning gaplariga qaraganda, hozirgi xavf va tahdidlarni hal etishda muvaffaqiyat qozonish uchun samarali xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etish zarur. 

“Ushbu mexanizmning asosiy elementi BMT Xavfsizlik Kengashidir. Bugun har qachongidan ham dolzarbroq bo‘lib, ushbu organni yanada adolatli va vakolatli qilish, qarorlar qabul qilishda konsensusga erishish qobiliyatini rivojlantirish uchun uning faoliyati samaradorligini oshirish zarur”, deydi Sadir Japarov.  

U BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish bo‘yicha muzokaralarda taraqqiyotni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Japarovga ko‘ra, Qirg‘iziston samarali tinchlik o‘rnatish, inson huquqlarini hurmat qilish va tinchlik jarayonlarida ayollarning teng ishtiroki, rivojlanayotgan, kichik, kam rivojlangan va kichik orol mamlakatlari manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish orqali tinchlik va xavfsizlikni saqlashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildiradi.

Sadir Japarov davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ishonch, hamjihatlik, universallik kabi tamoyillarga amal qilish zarurligini bildirdi. 

“Shundagina biz birgalikda global va mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasini tiklay olamiz”, deydi u.

Xavfsizlik Kengashini isloh qilish bo‘yicha chaqiriqlar BMT Bosh Assambleyasida birinchi marta yangrayotgani yo‘q. Biroq, Markaziy Osiyo mamlakatlari bunday taklif bilan chiqmagan. A’zolik masalasi bu tarzda aniq taklif bilan kiritilmagan. 

Xavfsizlik Kengashini isloh qilish haqida an’anaga ko‘ra, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an gapirib keladi. U bu safar ham Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi umumiy siyosiy bahslarida yana jahon tashkilotini Xavfsizlik kengashi tarkibini kengaytirishga chaqirdi

Shuningdek, sessiyada Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs-Musar, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy va doimiy bo‘lmagan a’zolari sonini oshirish kerakligini bildirdi. Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tebbun esa Falastin davlatini Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy a’zosi sifatida tan olinishi tarafdori va bu masala bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus sessiyasi o‘tkazilishi kerakligini aytdi. 

Xavfsizlik kengashi

Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Xavfsizlik Kengashi BMTning o‘n besh a’zosidan iborat. Har bir a’zo bitta ovozga ega. Tashkilot a’zolari ushbu Nizomga muvofiq Xavfsizlik Kengashi qarorlariga bo‘ysunish va ularni bajarishga rozi bo‘ladilar. 

Xavfsizlik Kengashi tinchlikka tahdid yoki bosqinchilik harakati mavjudligini aniqlashda etakchi rol o‘ynaydi. U nizo tomonlarini uni tinch yo‘l bilan hal qilishga undaydi va hal qilish usullarini yoki hal qilish shartlarini tavsiya qiladi. Ba’zi hollarda Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash yoki tiklash uchun sanksiyalar qo‘llashi yoki hatto kuch ishlatishga ruxsat berishi mumkin. 

AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Fransiya uning doimiy a’zosi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Xavfsizlik kengashi Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing