Ortiqova davlat siriga daxldor amaldorlarning sudlari yopiq o‘tganini izohladi

Jamiyat

Avvalroq, bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergana edik.

Yig‘ilishda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova mansabdorlar orasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar bo‘yicha baholash tizimida O‘zbekiston “qizil” nuqta bo‘lib yonib turganini alohida ta’kidladi.

“Ertaga ekspertlar kelsa, shu komissiyaining raisi bo‘la turib, qanday javob berishim meni juda ko‘p o‘ylantiryapti”, deydi Ortiqova.

U so‘zida davom etib, javobgarlikka tortilgan mansabdorlar davlat siriga aloqador shaxslar ekaniga, shu sababdan ularning ishi yopiq eshiklar ortida ko‘rilganiga to‘xtaldi.

“Bu mansabdor shaxslar davlat sirlariga aloqadorligini inobatga olib, ularning sud majlislari yopiq o‘tkazilgan, ularning jinoiy faoliyatdan olgan daromadlari ham sir saqlangan”, deya vaziyatni baholadi Ortiqova.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekistonda 3 yilda bir nechta yuqori martabali amaldorlarning sud ishi yopiq shaklda ko‘rib chiqildi. Sobiq MXX generali Shuhrat G‘ulomov, sobiq Bosh prokuror, Konstitutsion sud a’zosi Rashid Qodirov va uning ortidan sobiq Bosh prokuror va DXX raisi Ixtiyor Abdullayev ishi shular jumlasidan. Ayni vaqtda sobiq Bosh prokuror Otabek Murodov masalasi ham shu qadar sirliligicha qolmoqda. 

Bu mansabdorlar olgan jazoga kelsak, Shuhrat G‘ulomov davlatga xiyonatda ayblanib, umrbodga qamaldi, Rashid Qodirov 10 yilga, Ixtiyor Abdullayev 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ortiqova bu kabi jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlar ham vaqti kelganda ochiq aytilishiga ishonch bildirdi va jamoatchilik ham shuni istashini ta’kidlab o‘tdi.

“Bir kunmas, bir kun shu hamma masalalar ochiq bo‘ladi. Buni komissiya a’zolari ham, jamiyatimiz ham xohlaydi”, deb so‘zini yakunladi Ortiqova xonim.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Svetlana Ortiqova

Baholaganlar

195

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing