Ortiqxo‘jayev “Toshkent” aeroporti yaqinidagi “parkovka”larni “Uzbekistan Airports”ga berishga qaror qildi

Jamiyat

image

“Toshkent” aeroporti yaqinidagi avtoturargohlar “Uzbekistan Airports” balansiga o‘tkaziladi. Bu haqda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning joriy yilning 30 may kuni qabul qilingan qarorida belgilandi.

Qaror bilan “Toshkent-2” xalqaro terminali va ichki qatnovlar uchun mo‘ljallangan “Toshkent-3” terminalining avtoturargohlari, shuningdek, poytaxt aeroporti hududiga tutash joylardagi avtoturargohlar “Uzbekistan Airports” balansiga o‘tkaziladi.

“Ushbu hududlarning o‘tkazilishi avtoturargohlarni avtomatlashtirish, aerovokzal oldidagi hududlarni qaytadan qulay loyihalashtirish, yo‘lovchilarni kutib oluvchilar va kuzatuvchilar uchun ko‘proq qulayliklar yaratish hamda o‘z yechimini kutayotgan taksi xizmati bilan bog‘liq muammolarni hal qilish imkonini beradi. Avtoturargohlarda to‘xtash joyi uchun to‘lovni inson omilisiz amalga oshirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, kompaniya avtoturargohlarning joylashuvi va ulardan foydalanish davomiyligini (soat, sutka) hisobga olgan holda moslashuvchan tarif tizimini ishlab chiqmoqda”, deydi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Keyinchalik, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan avtoturargohlarni baholash va aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushini oshirish bo‘yicha tegishli buyruq qabul qilinadi. Shundan so‘ng tegishli tartibda yagona aksiyador — Moliya vazirligi tomonidan davlat kompaniyaning ulushini oshirish va avtoturargohlar qiymatini ustav kapitaliga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Yakunda barcha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha kadastr hujjatlarini Kadastr agentligi tomonidan “Munitsipal mulklarni boshqarish markazi” DUKdan “Uzbekistan Airports” AJ nomiga qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

aeroport turargoh

Baholaganlar

102

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing