Ortiqxo‘jayev Xitoy elchisi bilan uchrashdi. Koronavirus haqida miq etilmadi

Jamiyat

image

Bugun, 3 fevral kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy, xususan XXRning yirik provinsiyalari hamda shaharlari bilan Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalasi muhokama etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimligi Xitoy bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini qadrlashi hamda o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari ko‘p ekanligini ta’kidladi. 

Shuningdek, Toshkentda ishlash niyatida bo‘lgan xitoylik tadbirkorlar borligini bildirib, ular bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirishda elchixonaning amaliy ko‘magi muhim bo‘lishini ta’kidladi.

O‘z navbatida XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarning ijobiy samarasi, Toshkentning tobora yangilanib, zamonaviylashib borayotgan qiyofasini, shahrimizda yaratilayotgan qulaylik, imkoniyat va sharoitlarni e’tirof etib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 7,6 mlrd AQSH dollaridan ortganligini ma’lum qilib, bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyati borligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama etildi. O‘zaro hamkorlikda farmatsevtika, elektronika, quyosh energetikasi, robototexnika, sabzavot va mevalarni qayta ishlash kabi qator sohalarni rivojlantirish istiqbolli ekanligiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar Toshkent shahrida xitoylik investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Xitoy tomonidan investitsiyalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Szyan Yan yaqin orada Guanjouda O‘zbekistonning Bosh konsulligi ochilishi rejalashtirilayotganligini ma’lum qilib, o‘zaro hamkorlikdagi  boshqa tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Suhbatda Xitoyda paydo bo‘lib, dunyoning 26 davlatiga yetib borgan yangi koronavirus haqida so‘z ochilmagan. Jahongir Ortiqxo‘jayev virusdan Xitoyda 361 kishi o‘lganiga qaramay elchiga hamdardligini ham bildirmagan.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

Virusdan halok bo‘lganlar soni 362 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 17205 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Xitoy virus

Baholaganlar

175

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing