Ortiqxo‘jayev endi yo‘q. Talabalarning boshini kim silaydi?

Jamiyat

Ortiqxo‘jayevga tegishli “Tashkent index” savdo majmuasidan joriy yilda talabalar turar joyi sifatida foydalanilmaydi. Bu haqda bugun, 23 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bilim va malakalarni baholash agentligi mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

2022 yil Toshkent shahrida talabalar turar joylari bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolar fonida sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, o‘ziga qarashli bo‘lgan “Tashkent index” savdo majmuasini talabalar uchun yotoqxonaga aylantirgan edi. Ular uchun, hatto maxsus avtobuslar yo‘lga qo‘yilib, transport bilan bog‘liq muammolariga ham yechim topilgandi.

Ammo Ortiqxo‘jayev ortiq Toshkent hokimi emas. Shunday ekan uning hech qanday majburiyati ham yo‘q.

“Aslini olganda o‘tgan yili “Tashkent index”ga u darajada ko‘p talaba yashamagan. Keyinchalik esa hammasi chiqarib olinib, ijara uylari va talabalar turar joylariga joylashtirilgan edi. Bunda barcha oliy ta’lim muassasalari o‘z yotoqxonalaridagi krovatlarni ikki qavatliga aylantirib, bir oy ichida o‘z talabalarini chaqirib olgandi”, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sherzod Ne’matov.

Uning aytishicha, ayni paytda barcha oliy ta’lim muassasalari o‘z talabalari uchun yetarlicha ijara uylarini topib qo‘ygan.

“O‘tgan yili mas’uliyatni hokim o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa, bu yil vazirimizning shaxsan o‘zi buni nazorat qilmoqda. Hozirda oliy ta’lim muassasalari talabalariga yetarli miqdordagi ijara uylarini topib qo‘ygan. Bundan tashqari bir sathli TTJlar ikki sathli qilib qayta jihozlandi, yangi qurilishlar bo‘ldi. Albatta, hech kim 100% talabalarni qamrab ololamiz deb va’da berolmaydi, lekin juda katta xarajatlar qilingan”, dedi Oliy ta’lim,  fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Ne’matov.

Shuningdek, u “Demak bu yil “Tashkent index”dan yotoqxona sifatida foydalanilmaydimi?” degan savoliga “yo‘q” deya javob bergan. Ammo “Tashkent index”dan voz kechilgan ekan, uning o‘rnini qoplaydigan darajada yotoqxonalar qurildimi? Bu yil talabalar ko‘chada qolmaydimi?

“2022 yilda qariyb 20 mingga yaqin yangi talabalar o‘rni barpo qilindi. 2023 yilning 15 avgust oyiga qadar 4700 dan ortiq yangi TTJlar tashkil qilinib, foydalanishga topshirildi. Sentyabr oyi oxiriga qadar esa yana 7000 o‘rindan ortiq TTJlar foydalanishga topshiriladi. Dasturga muvofiy yil oxiriga qadar jami 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurib bitkazilib, foydalanishga topshiriladi”, dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Sanaqulov.

Ammo bu qurilgan yotoqxonalar barcha ehtiyojmand talabalarga yetmaydi. Muammoni hal qilishning esa boshqa usuli o‘ylab topilgan.

“Ijara asosida yashovchi talabalarga juda katta imtiyozlar berildi. O‘tgan yillari ijara to‘lovining bir qismini davlat hisobidan qoplab berish tartibi joriy qilingan edi. Ammo bu tartib joriy qilingandan keyin bir qancha muammolar yuzaga keldi. Endilikda hukumat qarori bilan talabalar Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m) miqdoridagi ijara to‘lovining bir qismini ijara shartnomasining mablag‘idan qat’iy nazar oladigan bo‘ldi. 
Ikkinchidan, xususiy xonadon egalari tomonidan ijara shartnomalarini tuzish cho‘zilib ketgani bois buning oldini olish maqsadida sentyabr-oktabr oylarida ijara shartnomasiz ham bu mablag‘lar beriladi”, deya qo‘shimcha qildi Sanaqulov.

Mas’ullar aytayotgan bu choralar qay darajada ish beradi, buni faqat yangi o‘quv yili boshlanganidagina bila olamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Oliy ta'lim Tashkent index

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing