Organ xodimlarining bosimi haqida yuzdan ortiq shikoyat tushgan – Ombudsman
3-sahifa
−
02 avgust 2023
5854Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilgani yoki boshqacha tarzda tazyiq o‘tkazilgani yuzasidan Ombudsmanga 125 ta shikoyatlar kelib tushgan. Bu haqda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan 2023 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Ombudsmanga kelib tushgan 125 ta shikoyatning 19 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 18 tasi “Ombudsman qutisi”, 40 tasi penitensiar muassasalar ma’muriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali kelib tushgan. Shuningdek, shikoyatlarning 21 tasi Ombudsman va uning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar, 22 tasi elektron tarzda va 5 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali bo‘lgan.
Ushbu shikoyatlarning 64 foizi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan.
Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasining 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilangan.
Shuningdek, 37 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Ombudsman tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan shu mazmundagi 20 ga yaqin xabarlar zudlik bilan o‘rganilib, Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomalari kiritilgan.
LiveBarchasi