Orban Xitoyga bordi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Xitoy poytaxti Pekinga bordi. Bu haqda uning matbuot kotibi bugun, 8 iyulga o‘tar kechasi ma’lum qildi.

Vengriya Bosh vaziri vakilining aniqlik kiritishicha, Orban Pekinda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazmoqchi. Siyosatchining o‘zi uning tashrifi Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha “tinch missiya”ning davomi ekanini aytdi. TASS agentligining xabar berishicha, Viktor Orban avvalroq 8 iyul kuni “syurpriz va kutilmagan uchrashuvlar” bo‘lishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 2 iyul kuni Vengriya Bosh vaziri Ukrainada urush boshlanganidan beri birinchi marta Kiyevga borgandi. U yerda Orban mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyga vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

O‘sha kuni Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida gapirgan Orban Budapesht Kiyevning tinchlikka erishishga qaratilgan tashabbuslarini qadrlashini, biroq ularni amalga oshirish ko‘p vaqt talab qilishiga ishonishini ta’kidladi.

5 iyul kuni Viktor Orban e’lon qilinmagan tashrif bilan Moskvaga bordi. U yerda Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi va shundan so‘ng u Ukraina va Rossiya tomonlarining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha pozitsiyalari bir-biridan nihoyatda uzoq ekanligi haqidagi xulosaga keldi. 

Vengriya Bosh vaziri Putinning uchta masala bo‘yicha fikrini o‘rganganini aytdi: turli tinchlik tashabbuslari, o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari imkoniyatlari va urushdan keyingi Yevropaga qarashlari.

Ayni paytda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Vengriya Yevropa Ittifoqiga raislik qilgan holda Rossiya bilan hamkorlik qilish vakolatiga ega emasligini aytdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrel ham Orbanning Moskvaga tashrifi faqat ikki tomonlama munosabatlar doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uning eslatishicha, Bryusselning Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga nisbatan rasmiy pozitsiyasi “Yevropa Ittifoqi va Prezident Putin o‘rtasidagi rasmiy aloqalarni istisno qiladi”.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Si Tszin'pin Viktor Orban Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing