“Open budget”da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar dasturdan chetlatiladi
Jamiyat
−
18 mart
4049Hozirda “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda. Endilikda dastur doirasida majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 37-maktabda majburiy ovoz berish holatlari yuzasidan xabarlar tarqalgan. Mazkur holatlar tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, haqiqatan ham ushbu maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlangan.
Shu munosabat bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mazkur maktabda majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yuzasidan tegishli tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborilgan.
Ma’lumot uchun, “Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida majburiy ovoz berishga jalb etish – majburiy mehnat sifatida tasniflanishi belgilangan.
“Agar ciz ovoz to‘plashga majburlash holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 71 200-06-00 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chirchiq shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi o‘quvchilarning ota-onalaridan “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz berishni talab qilgan edi. Ushbu holat bo‘yicha boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi M.L bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Maktab rahbari esa ogohlantirilgan.
LiveBarchasi