“Onasini derazadan uloqtirganini ko‘rdim“. Gulluning qiziga umrbod qamoq so‘raldi
Olam
−
14:28 482 3 daqiqa
Turkiyalik mashhur xonanda Gulluning o‘limi bo‘yicha sudda uning qizi Tug‘yan Ulkem Gyulterning dugonasi Sulton Nuro‘g‘li “Tug‘yan onasini derazadan uloqtirganini ko‘rdim”, deya ko‘rsatma berdi. Prokuror Gyulterni og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi. Bu haqda “Sözcü” xabar berdi.
“Gullu” nomi bilan tanilgan 52 yoshli Gul Tut 2025 yilning 26 sentyabr kuni Yalova viloyati Chinarjik tumanidagi uyining 6-qavatidan yiqilib, vafot etgandi. Uning o‘limi bo‘yicha ish yuzasidan hibsda saqlanayotgan qizi Tug‘yan Ulkem Gyulter sudda ilk bor ko‘rsatma berdi va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi.
Gyulterning aytishicha, voqea kuni u dugonasi Sulton Nuro‘g‘li bilan birga bo‘lgan. Ular uyda film tomosha qilib, ko‘ngilxushlik qilgan. Gyulter onasi xonaga kirib, ular bilan birga o‘ynaganini, keyin esa orqasi o‘girilgan paytda “bam” degan ovoz eshitganini aytgan.
“Orqamga qarasam, onam yiqilib tushgan ekan. Sultonga “yugur” dedim va birga pastga tushdik. Men orqam bilan turgan edim, onam yiqilib tushdi. Unga biror narsa tekkanini ko‘rmadim”, degan u.
Biroq Gyulterning dugonasi sudda boshqacha ko‘rsatma bergan.
“Biz xonada edik va ko‘ngilxushlik qilayotgandik. Gullu xonaga kirdi. O‘sha paytda men oynaga o‘girilib, avval boshimdan o‘tgan baxtsiz hodisa sabab qolgan jarohatlarimga qarayotgandim. Orqamga o‘girilganimda, Tug‘yanning onasini derazadan uloqtirganini ko‘rdim. Keyin u menga “yugur”, dedi”, degan Sulton Nuro‘g‘li.
Shuningdek, u dastlab voqea haqida boshqacha ko‘rsatma berganini, bunga qo‘rquv va bosim sabab bo‘lganini bildirgan. Keyinchalik advokatiga haqiqatni aytmoqchi ekanini bildirgan va hibsga olingach, o‘z ko‘rganlarini aytgan.
Bundan tashqari, Sulton Nuro‘g‘li dafn marosimi kuni Gyulterning unga “Meni kuydirsang, men ham seni kuydiraman”, deganini aytgan.
Gyulterning o‘zi esa Nuro‘g‘li bosim ostida ko‘rsatma berganini bildirgan.
“Sulton bosim ostida edi, shuning uchun bunday ko‘rsatma bergan. Men ham politsiya bo‘limida katta bosim ko‘rdim”, degan u.
Sudda prokuror Tug‘yan Ulkem Gyulterga og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlashni va uning hibsda qolishini so‘ragan.
Sud hay’ati esa Gyulterning hibsda saqlanishini davom ettirishga qaror qilgan. Keyingi sud majlisi joriy yilning 9 oktyabr kuni soat 09:00 ga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyalik xonanda Gulluning o‘limi bo‘yicha tergovda yangi videokadrlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Unda xonandaning qizi Tug‘yan Ulkem Gyulter voqeadan keyin politsiya xodimlari bilan birga uyga kirib kelgani va vahima ichida onasining ahvoli haqida qayta-qayta so‘ragani aks etgan.
Live
Barchasi