Omskdagi yong‘inda jabrlangan ikki o‘zbekistonlikning ahvoli og‘ir ekani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
14:10 1120 1 daqiqa
Rossiyaning Omsk shahrida joriy yilning 15 avgust kuni sodir bo‘lgan yong‘inda jarohatlangan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov kecha, 16 avgust kuni Omskdagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga tashrif buyurib, jabrlanganlarning holidan xabar olgan.
Shifokorlarning ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro I.Z. kuyish jarohatlari bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, uning ahvoli og‘ir va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Ikkinchi fuqaro – O.E. esa yiringli-septik bo‘lim reanimatsiyasida davolanmoqda. Uning ahvoli ham og‘ir deb baholanmoqda.
Bildirilishicha, rossiyalik shifokorlar Moskvadagi hamkasblari bilan videokonferensiya orqali konsilium o‘tkazmoqda. Rossiya tomoni jarohatlanganlarni davolash jarayoniga alohida e’tibor qaratayotgani aytilgan.
Shuningdek, bugun, 17 avgust kuni O‘zbekiston Bosh konsuli shifoxona bosh shifokori, kuyish va yiringli-septik bo‘limlari rahbarlari hamda tibbiyot xizmati mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Tataristonning Nijnekamsk shahriga hujum qilgani, oqibatda halok bo‘lgan 13 kishining orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham borligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi