Ommaviy tadbirlar o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

1-banddagi (Ushbu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ma’muriyatlarining, ichki ishlar organlarining ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi) “ichki ishlar organlarining” so‘zlaridan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va boshqa davlat organlari bo‘linmalarining” so‘zlari qo‘shiladi.

13-bandning (Komissiyani vakolatli organ rahbarining tegishli o‘rinbosari boshqaradi. Komissiyaning tarkibiga hududiy ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Komissiyani vakolatli organ rahbarining tegishli o‘rinbosari boshqaradi. Komissiya tarkibiga hududiy ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi”.

15-bandning (Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlash chora-tadbirlari) to‘rtinchi xatboshidagi “hududiy ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bo‘linmalari” so‘zlari qo‘shiladi.

38-bandning (Ommaviy tadbirni o‘tkazishda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi yoki fuqarolarning xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelganda komissiya tomonidan yangi yuzaga kelgan holatlarni hisobga olgan holda, ob’ektning ruxsat berilgan ommaviy tadbirni o‘tkazishga tayyorligini va ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ommaviy tadbir tashkilotchisi va ommaviy tadbirni o‘tkazish ob’ektining ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladigan tayyorgarlik chora-tadbirlari holatini o‘rganuvchi ishchi guruh tashkil qilinadi) ikkinchi xatboshidagi “Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati” so‘zlari bilan almashtiriladi.

IX (Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga qo‘yiladigan talablar, ular ishtirokchilarining, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ma’muriyatlarining va ichki ishlar organlarining ularga rioya qilish bo‘yicha majburiyatlari va huquqlari) bobning nomidagi “ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ektlari ma’muriyatlarining va ichki ishlar organlarining” so‘zlar “ommaviy tadbirlarni o‘tkazish ob’ekti ma’muriyatining, ichki ishlar organlarining, Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining” so‘zlar bilan almashtiriladi.

58-banddagi (Ommaviy tadbirni o‘tkazishda uning ishtirokchilari fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga qo‘yiladigan talablarga rioya qilishga, ommaviy tadbir tashkilotchisining va fuqarolar xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni bajaruvchi ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi shart) “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “hamda Milliy gvardiya” so‘zlari qo‘shiladi.

59-bandning (Ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida ommaviy tadbir ishtirokchilariga quyidagilar taqiqlanadi) beshinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlarining xodimlari” so‘zlar “ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya bo‘linmalarining xodimlari” so‘zlar bilan almashtiriladi.

61-bandda (Ommaviy tadbir tashkilotchisining majburiyatlari):

to‘rtinchi, oltinchi, o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi, o‘n beshinchi va o‘n oltinchi xatboshilariga “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “Milliy gvardiya” so‘zlari qo‘shiladi;

to‘qqizinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlarining xodimlarini” so‘zlar “ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya bo‘linmalarining xodimlarini” so‘zlar bilan almashtiriladi.

63-bandning (Ommaviy tadbir dasturida nazarda tutilgan chiqishlar (harakatlar)ni bevosita amalga oshiruvchi artistlar, sportchilar va boshqa shaxslarning majburiyatlari) uchinchi xatboshidagi “va ichki ishlar organlari xodimlarining” so‘zlar “, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining” so‘zlar bilan almashtiriladi.

64-bandning (Ommaviy tadbir dasturida nazarda tutilgan chiqishlar (harakatlar)ni bevosita amalga oshiruvchi artistlar, sportchilar va boshqa shaxslarning huquqlari) ikkinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlari “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “va Milliy gvardiya” so‘zlari qo‘shiladi.

65-bandning (Ommaviy tadbir tomoshabinlarining majburiyatlari) beshinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi” so‘zlari qo‘shiladi.

67-bandning (Ommaviy tadbirni o‘tkazish ob’ekti ma’muriyatining majburiyatlari) o‘n birinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “va Milliy gvardiya” so‘zlari qo‘shiladi.

68-bandning (Ommaviy tadbirni o‘tkazish ob’ekti ma’muriyatining huquqlari) to‘rtinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlari” so‘zlaridan keyin “, Milliy gvardiya” so‘zlari qo‘shiladi.

69-bandda (Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda ichki ishlar organlarining majburiyatlari):

uchinchi xatboshidagi “Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi” so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati” so‘zlar bilan almashtiriladi;

o‘n beshinchi xatboshidagi “Favqulodda vaziyatlar vazirligi” so‘zlaridan keyin “Milliy gvardiyasi” so‘zlari qo‘shiladi.

Quyidagi mazmundagi 70-1 –70-12-bandlar bilan to‘ldiriladi:

“70-1. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining majburiyatlari:

ichki ishlar organlari naryadlari bilan birgalikda xizmat olib borish va ularning faoliyatini jangovar panasini ta’minlash;

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ekt hududini o‘rab (to‘sib) olishda ishtirok etish;

ichki ishlar organlari bilan birgalikda zahira kuchlarini tashkil etish;

jamoat xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlarining bo‘linmalari hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarga ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-2. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining huquqlari:

muhandislik-texnik vositalardan foydalangan holda ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektini atrof-hududini jismonan to‘sishda, ob’ektga ruxsatnoma bilan o‘tkazish rejimini amalga oshirishda, unga tutash hududlarni o‘rab olish chegaralarini yaratishda, avtotransport vositalarini tekshirilishida ichki ishlar organlariga amaliy yordam ko‘rsatish;

ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davomida ob’ektlarning belgilangan joylarida jangovar shay holdagi kuch va vositalar zaxirasini ushlab turish;

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi maxsus rejalar asosida choralar ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

70-3. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bo‘linmalarining majburiyatlari:

ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ekt, uning atrofida turli tahdidlar, ehtimoliy terrorchilik-qo‘poruvchilik harakatlariga oid tezkor ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan tezkor axborot almashinuvini amalga oshirish;

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektda terrorchilik-qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni maqsad qilgan shaxs va guruhlarni aniqlash va zararsizlantirish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish;

terrorchilarni ushlash, zararsizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-4. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bo‘linmalarining huquqlari:

ommaviy tadbir o‘tkazilayotgan ob’ektda va uning atrof-hududida yuzaga kelayotgan tezkor vaziyat yuzasidan ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ma’lumotlar olish;

ommaviy tadbir o‘tkazilayotgan ob’ektda jinoyatlar, shu jumladan terrorchilik-qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni maqsad qilgan shaxs va guruhlarni ushlash, zararsizlantirish va yo‘q qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

70-5. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalarining majburiyatlari:

favqulodda vaziyatlar, shu jumladan yong‘inlarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xavflar va tahdidlarni barvaqt aniqlash hamda profilaktikasini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish;

tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, yong‘inlar sodir bo‘lganda ularni bartaraf etish hamda qutqaruv ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) kuch va vositalarini jalb qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-6. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalarining huquqlari:

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning, shu jumladan yong‘inlarning oldini olish uchun oldindan tekshiruv tadbirlarni amalga oshirish;

ommaviy tadbir ob’ektlari rahbarlar tarkibi va qutqaruv tuzilmalari shaxsiy tarkibini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash hamda ommaviy tadbirlardagi chiqishlarda qatnashuvchi san’atkorlar, sportchilar va boshqa shaxslar bilan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davrida yuzaga kelishi ehtimoli yuqori favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilish;

ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davrida ob’ektda radiatsion, kimyoviy, biologik (bakteriologik) muhofazani, yong‘inlar profilaktikasini va qutqaruv (shu jumladan, suvda qutqaruv) ishlarini amalga oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan foydalanishi mumkin.

70-7. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda prokuratura organlarining majburiyatlari:

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektda va uning atrof-hududida yuzaga kelayotgan operativ vaziyat to‘g‘risida ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan tezkor axborot almashuvini amalga oshirish;

ommaviy tadbirni o‘tkazish davrida guruh bo‘lib ommaviy tartibbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini nazorat qilish;

ommaviy tadbirni o‘tkazish davrida sodir bo‘lgan kutilmagan vaziyatlar (yong‘in, avariya va boshqalar)ning kelib chiqish omillari va sabablarini o‘rganish hamda uning natijasiga ko‘ra aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlash.

Prokuratura organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-8. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda prokuratura organlarining huquqlari:

ommaviy tadbir o‘tkazilayotgan ob’ektda va uning atrof-hududida yuzaga kelayotgan tezkor vaziyat yuzasidan ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan ma’lumotlar olish;

ommaviy tadbirni o‘tkazish davrida guruh bo‘lib ommaviy tartibbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan tuzilgan hujjatlarni qonuniyligini tekshirish;

ommaviy tadbirni o‘tkazish davrida sodir bo‘lgan kutilmagan vaziyatlar (yong‘in, avariya va boshqalar)ning kelib chiqish omillari va sabablarini tekshirish hamda aybdor shaxslarga nisbatan tergov harakatlarini olib borish.

Prokuratura organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

70-9. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmalarining majburiyatlari:

ommaviy tadbir ishtirokchilariga, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi tadbirlarga jalb etilgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha doimiy shaylikni ta’minlash;

favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga tez tibbiy va birinchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish;

favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatishda (avariya-qutqaruv xizmatlari bilan birgalikda) ishtirok etish.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-10. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘linmalarining huquqlari:

ommaviy tadbir o‘tkaziladigan ob’ektning hududida, shuningdek pirotexnik buyumlarini qo‘llash vaqtida tez tibbiy yordam avtoekipajining navbatchiligini ta’minlash, jabrlanganlarni yaqindagi tibbiy muassasalarga zudlik bilan jo‘natish;

favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarni vaqtinchalik tibbiyot muassasalariga joylashtirish va davolanishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining bo‘linmalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

70-11. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklarining majburiyatlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi komissiyalar va ularning ish reglamentini doimiy nazorat qilish;

ommaviy tadbirlarni belgilangan talablarga javob beradigan ob’ektlarda o‘tkazilishini ta’minlash;

komissiyalar tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhlari aniqlagan kamchiliklarni ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan ob’ektlar ma’muriyati tomonidan belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini nazoratga olish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.

70-12. Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklarining huquqlari:

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tegishli ruxsatnomalar olmasdan ommaviy tadbirlar o‘tkazishini, shuningdek belgilangan talablarga javob bermaydigan ob’ektlarda ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini taqiqlash;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy tadbirning tashkilotchisi va ommaviy tadbirni o‘tkazish ob’ekti ma’muriyati tomonidan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish shartlariga rioya qilinishining buzilishi faktlari mavjud bo‘lganda ushbu tadbirlarni o‘tkazish shartlariga rioya qilinishi yuzasidan komissiyaga rejadan tashqari tekshiruvlarni o‘tkazishga topshiriq berish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin”.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Milliy gvardiya ommaviy tadbirlar

Baholaganlar

8

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing