Ommaga ko‘rinish bermay qo‘ygan Jeenbekov Putinni tabrikladi
Olam
−
07 Oktabr 2020
16730Qirg‘iziston doim Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi va hamkori bo‘lgan, keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga tug‘ilgan kuni munosabati bilan yuborgan telegrammada aytib o‘tilgan.
“Qirg‘iziston Respublikasi ko‘p qirrali qirg‘iz-rus munosabatlarining izchil rivojlanishiga qo‘shgan hissangiz va mislsiz e’tiboringizni yuqori baholaydi. Qirg‘iziston xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘llab-quvvatlashiga asosan Rossiyaning ishonchlik va doimiy ittifoqchisi hamda hamkori bo‘lib qoladi”, deyilgan Jeenbekov yo‘llagan telegrammada.
Qirg‘iziston rahbari Putinga sog‘lik, farovonlik va davlat ishlarida omad, Rossiya xalqiga esa tinchlik va rivojlanish tilagan.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Jeenbekov joriy yilning 28 sentyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida uchrashgandi. Uchrashuvda Qirg‘iziston rahbari Putinni mamlakatining samimiy va buyuk do‘sti ekanini ta’kidlab, Qirg‘iziston har doim Rossiyaning baquvvat yelkasini haqiqiy do‘st, ittifoqchi va strategik sherik sifatida his qilishini bildirgandi.
Ma’lumot uchun, Vladimir Putin 1952 yil 7 oktyabrda tavallud topgan. U bugun 68 yoshni qarshiladi.
Qayd etish kerakki, Sooronbay Jeenbekov Qirg‘izistonda parlament saylovidan keyin tartibsizliklar boshlangach ommaga ko‘rinish bermay qo‘ygandi. Keyinroq u o‘z rezidensiyasida ekani va vaziyatni o‘nglash yo‘lini qidirayotgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi