“Omikron”. Qozog‘iston qator davlatlar fuqarolari uchun “eshik”larini yopadi
Olam
−
30 noyabr 2021
11155Qozog‘iston hukumati mamlakatda koronavirusning “omikron” shtammi paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida bir qator davlatlardan xorijliklarning kirishini cheklashga qaror qildi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida Respublika Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Shoranov ma’lum qildi.
“Omikron” shtammining paydo bo‘lganligini hisobga olib, idoralararo komissiya 3 dekabrdan cheklov choralarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, choralar Botsvana, Namibiya, Lesoto, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Tanzaniya va boshqa davlatlardan bo‘lgan xorijiy fuqarolarning Qozog‘istonga kirishiga cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, “omikron” shtammi aniqlangan davlatlardan kelganlar uchun PZR testini taqdim etish bo‘yicha majburiy talab kiritiladi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlardan kelganlar o‘zlarini izolyatsiya qilishlari kerak. Qozog‘iston hukumati Misr bilan aviaqatnovlarni to‘xtatishga ham qaror qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonning o‘zida “omikron” shtammi hali aniqlanmagan.
Noyabr oyining oxirida Janubiy Afrika olimlari birinchi bo‘lib “omikron” shtammi paydo bo‘lgani haqida xabar berdi. Shtamm juda ko‘p mutatsiyalarga ega, bu esa uni yanada yuqumli va vaksina immunitetini chetlab o‘tish uchun yaxshiroq moslashtirishi mumkin.
Janubiy Afrikadan tashqari, “omikron” Gonkong, Avstraliya va bir qator G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida aniqlangan. “Omikron”ning tarqalishi tufayli Isroil chet el fuqarolari uchun chegaralarini yopgan birinchi davlat bo‘ldi.
LiveBarchasi