“Omicron”. Yangi shtamm Yevropaning yana bir davlatiga kirib bordi

Olam

image

Gretsiyada koronavirusning “omicron” shtammi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi, bemor yengil alomatlar bilan karantinda  qolmoqda. Bu haqda EODY milliy sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari, pediatriya professori Teoklis Zautis ma’lum qilgan.  

“Bugun ertalab koronavirusning “omicron” shtammini yuqtirishning birinchi holati tasdiqlandi. Bu yurtdoshimiz 26 noyabr kuni ertalab Gretsiyaga yetib kelgan. Aeroportda ekspress test o‘tkazilgan, natijasi manfiy bo‘lgan. Ertasi kuni unda yengil alomatlar kuzatilgan. Unda har kuni ekspress test o‘tkazilgan va natija manfiy bo‘lgan, 29 noyabr kuni ekspress test musbat chiqqan va PZR testi o‘tkazilgan. “Omicron” shtammiga shubha bilan bog‘liq holda, biz tadqiqot o‘tkazdik”, degan Zautis va bugun, 2 dekabr kuni ertalab shtamm tasdiqlanganini qo‘shimcha qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor o‘zi bilan aloqada bo‘lgan barcha bilan birga karantinda. 

“Biz barcha aloqalarni kuzatdik, ularning barchasini sinovdan o‘tkazdik, hozirda ularning barchasida natija manfiy”, degan Zautis. 

Sog‘liqni saqlash vaziri Tanos Plevrisning aytishicha, bemor Janubiy Afrikadan kelgan. Zautisning fikriga ko‘ra, yangi shtamm bo‘yicha bir qancha savollar bor. 

“Birinchidan, yuqumlilik darajasi. Hozir biz bilmaymiz. Janubiy Afrikadagi ma’lumotlarga ko‘ra, u “delta” kabi boshqa shtammlarga qaraganda yuqumli emas. Ikkinchi savol kasallikning kechishi haqida va bu yerda ham biz ko‘p narsa bilmaymiz. Janubiy Afrikadagi shifokorlar simptomlarni juda yengil deb ta’riflaydi. Oxirgi savol va eng muhimi — mavjud dorilar virusni davolaydimi”, degan Zautis. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar yangi shtammga qarshi samarali bo‘lib ko‘rinadi, shuning uchun hamma emlashga da’vat etiladi. 

Ma’lumot o‘rnida, JSST favqulodda yig‘ilishdan so‘ng Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning yangi variantini tashvishga soladigan deb tasniflashga qaror qilgan edi. Yangi shtamm — B.1.1.529 JSST tomonidan yunoncha “omikron” harfi bilan nomlandi. Yangi shtamm nafaqat Afrikaning janubida, balki Belgiya, Italiya, Germaniya, Shveysariya, Kanada, Niderlandiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, AQSH, BAA va boshqa mamlakatlarda ham aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Gretsiya koronavirus omikron

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing