Ombudsman Toshkentda tilanchilik qilayotgan 5 bolani “militsiya”ga tutib berdi. Yechim shumi?

3-sahifa

image

Toshkentning Chilonzor va Shayxontohur tumanlarida tilanchilik qilayotgan 5 nafar bola ichki ishlar idoralariga olib kelindi. Bu haqda Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati g‘urarlanib xabar bermoqda

Qayd etilishicha, joriy yilning 16 sentyabr kuni jurnalist Ilyos Safarov o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Chilonzor va Shayxontohur tumanlari kesishmasi, Baynalminal ko‘chasi chorrahasida taxminan 3-4 nafar voyaga yetmaganlar yo‘lning qatnov qismida “tilanchi”lik bilan shug‘ullanayotganligi yuzasidan video xabar e’lon qilgan

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova mazkur videoni ko‘rishi bilanoq tegishli chora ko‘rilishi uchun Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimiga murojaat qilgan.

Ushbu holat yuzasidan zudlik bilan Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazining mas’ul xodimlari ishtirokida tezkor guruh ishlab chiqilib, voqea joyiga yuborilgan.

“Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 5 nafar voyaga yetmagan va 4 nafar voyaga yetgan shaxslar tuman IIO FMBga olib kelindi. Ularning barchasi Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatda turishi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Bola huquqlari milliy komissiya Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va hududiy IIBga taqdimnoma kiritildi”, deyiladi xabarda.

Biroq, Ombudsman Matbuot xizmati qo‘lga tushgan 5 nafar bolaning yoshi, kimligi, qanchadan buyon tilanchilik qilib yurgani, buni haqiqatan ham kasb qilib olganmi yo muhtojlik sabab tilanchilik qilyaptimi, ular maktab o‘quvchisi yoki maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisimi, qo‘lga olingan 4 nafar voyaga yetganlar bolalarga kim bo‘lishi bilan bog‘liq mujmal masalalarga aniqlik kiritmagan. 

Boshqa tomondan savol tug‘iladi: bolalar huquqi himoyachilarining vazifasi bolalar tilanchilik qilayotgan holatda ularni ichki ishlarga tutib berishmi yoki ularni bunga majbur qilgan muammolarni o‘rganishmi?

Matbuot xizmati o‘z xabarida Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusovaning quyidagi fikrlarini keltirgan: 

“Barchamiz tilanchilikning namoyon bo‘lishiga qarshi kurashishni boshlashimiz muhim. Biz pul berishni to‘xtatishimiz kerak. Kichkintoylar bilan tilanchilik qilishni to‘xtating, ayniqsa, yo‘llarda. Bu ijtimoiy hodisaning oqibatlarini aholiga tushuntirish zarur. Insonning o‘z harakatlari uchun javobgarligini shakllantirish muhimdir. Kattalar javobgarlikka tortilishi kerak”.

Xo‘sh, ko‘chada och va yupin yurgan tilanchi bolalarga pul bermaslik yo boshini silamaslik muammoning yechimimi? Balki bu bolalarni tilanchilikka yetaklayotgan muammolar bilan kurashish kerakdir. 

Ombudsman Matbuot xizmatiga ko‘ra, bolalar tilanchiligi masalasi Bolalar Ombudsmanining doimiy nazoratida. Unga shu mazmundagi videolar yuborilishi bilanoq ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda vaziyatga oydinlik kiritish, qonunbuzarlarni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlarni tizimli ravishda amalga oshirilishi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak. Qolganlar ham yuqoridagi jurnalist singari ish tutsa, biz muammoni bartaraf etish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin.

“Biz bolalarning ekspluatatsiyasiga ko‘z yummasligimiz kerak. Bolani ekspluatatsiya qilish – bu zamonaviy qullik, bu voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikdir. Bolalar o‘zlari duch keladigan xavflarni baholay olmaydi. Yoshi ulg‘aygan sari ularda tilanchilik pul topishning yagona va to‘g‘ri yo‘li, degan ishonch paydo bo‘lishi mumkin”, deyiladi Ombudsman axborotida. 


Maqola muallifi

Teglar

Aliya Yunusova Bolalar ombudasmani

Baholaganlar

178

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing