Bolalar ombudsmani: “Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, tahqirlagan o‘smirlarga berilgan jazo meni hayron qoldirdi”
Jamiyat
−
22 may 2020
21295Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)o‘rinbosarini – Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smirga berilgan jazoni adolatli emas deb hisoblamoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Aliya Yunusovaning ta’kidlashicha, mazkur holatda o‘smirlarning asosiy aybi chetda qolib, qo‘pol qilmish karantin bilan xaspo‘shlangan.
“Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smirga berilgan jazo meni hayron qoldirdi. Bunday holatlarda aslida jazo insonning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaganligi uchun belgilanishi kerak. Mazkur vaziyatda esa qonunbuzarlik qilgan o‘smirlarning asosiy qilmishi bir chetda qolib, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan jazolangan. Boshqacha aytganda, qo‘pol qilmish karantin bilan xaspo‘shlangan. Vaholanki, bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Qilmish uchun yetarli jazo berilmasligi ushbu holatlarning ko‘payishiga olib keladi
To‘g‘ri, biz bolajon xalqmiz. Bola noto‘g‘ri ish qilsa, uni kechirish kerak deb hisoblaymiz ko‘pincha. Ammo tahqirlangan, buning ustiga yordamga muhtoj bola-chi? Aslida u ko‘proq himoyaga, shafqatga muhtoj emasmi?
Bu kabi voqealar dono xalqimizning “qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqolini ham yodga soladi. Hali voyaga yetmay turib shafqatsizlik qilishga jazm etgan, birovning izza bo‘lishidan huzurlangan bolalar qanday muhitda katta bo‘lgani kishini o‘ylantiradi. Chunki mehr ko‘rib o‘sgan, to‘g‘ri tarbiya olgan bola bunday ishlarni qilishga hech qachon botinmaydi.
Bir qarashda bizda bola huquqlari himoyasi bilan bog‘liq munosabatlar to‘laqonli tartibga solingandek. Ammo inson huquqlari, ayniqsa, bola huquqlari sohasi shunday tizimki, davr va vaqt o‘tgan sari yangi-yangi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritilmasa, huquqni ro‘yobga chiqarishda muammolar yuzaga kelaveradi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kabi choralar belgilangan. Shu bilan birga, davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi shart. Shu nuqtai nazardan bola huquqlarini ta’minlash choralarini kuchaytirish bilan birga, bu huquqlarni bolalarga, ota-onalarga ham chuqurroq tushuntirish zarurati bor”, deydi Aliya Yunusova.
Avvalroq, ikki o‘smir aqli zaif tengdoshini tahqirlayotgani aks etgan video tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB holatga munosabat bildirib, sud o‘smirlarni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) va 183 moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularning har birlariga 1 115 000 so‘mdan jarima solgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr