Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman Aliya Yunusova iste’foga chiqishini ma’lum qildi

Jamiyat

image

Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman Aliya Yunusova Tuyg‘unovna o‘z faoliyatini to‘xtatganini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Facebookʼdagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, men bolalar huquqlari bo‘yicha vakil sifatidagi faoliyatimni to‘xtatayotganimni ma’lum qilaman. Muhtaram O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bola huquq va manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorlik bildiraman”, deydi Aliyeva.

Biroq u aynan qanday vaziyat tufayli iste’foga chiqayotganini ochiqlamagan.

Shuningdek, Aliya Yunusova  bolalar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning xalqaro standartlarga javob beradigan tizimini shakllantirishda ombudsman bilan hamkorlik qilgan, qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildirgan.

“Ayniqsa, UNICEF'ning O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi rahbari janob Munir Mammadzade va uning jamoasiga bolalar manfaatlari yo‘lidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagani va ilgari surayotgani uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman”, deya post qoldirgan u.

Eslatib o‘tamiz, u bu lavozimga 2020 yilda fevral oyida ma’qullangandi.

Aliya Yunusova (1961 yilda tug‘ilgan) – ish faoliyatini Toshkent davlat tibbiyot institutida (1983-1989 yillarda) o‘qituvchilikdan boshlagan. U turli yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mo‘minov nomli falsafa va huquq institutida aspirant (1989-1999), kichik ilmiy xodim, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada I darajali mutaxassis (1991-1993), bosh mutaxassis, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazida bo‘lim mudiri (1999-2005) lavozimlarida mehnat qilgan. Yunusova 2005-2020 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Aliya Yunusova Bola huquqlari bo'yicha ombudsman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing