Ombudsman oylar o‘tib “anjancha qiynoqlar” haqida so‘z ochdi
Jamiyat
−
15 dekabr 2020
14313Xabaringiz bor, joriy yilning 29 may kuni soat 22:00 da fuqaro A.Abdukarimov qimmatbaho tosh o‘g‘riligida gumonlanib, Andijon shahar IIBga olib kelingan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan. Oradan ikki haftaga yaqin vaqt o‘tgach, u shifoxonada vafot etgandi. Xuddi shunga o‘xshash holat Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIBda ham kuzatildi. Bular esa Yangi O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlarida hamon qiynoqlar davom etayotganining yaqqol isboti bo‘ldi. Andijondagi holat bo‘yicha joriy yilning 27 noyabr kuni ayblanuvchilarga sud hukmi o‘qildi.
O‘tgan yillarda O‘zbekistonda tergov va hibsda saqlash jarayonida qiynoqlarni yo‘q qilish, inson huquqini poymol qiluvchi har qanday xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz kurashish haqida ko‘p gapirilmoqda, yozilmoqda. Ammo, natija... Andijon va Chiroqchi voqealari misolida fikr yuritsak, natija quloqni qomatga keltiradigan chaqiriqlardangina iborat bo‘lib qolayotgandek. Huquq-tartibot organlarida ko‘pchilik hamon o‘zim – o‘zimga xon, ko‘lankam – maydon qabilida ish tutib, mushtumzo‘rlik bilan kun kechirayotgandek.
O‘zbekistonda tergov jarayonlari kamerali xonalarda o‘tkazilishi belgilangan, go‘yo. Agar tergov o‘tkaziladigan xonalarda kameralar bo‘lsa, nega IIBga fuqaroning tirigi kirib, o‘ligi chiqyapti?
QALAMPIR.UZ Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev bilan bo‘lgan intervyuda aynan shu masalaga to‘xtaldi.
Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
“Bizga qiynoqlar bo‘yicha bo‘lgan murojaatlarda ham aynan shu masalalar ko‘tariladi. Bilamiz maxsus tergovxonalar mavjud va u yerda kameralar bor. O‘sha gumonlanayotgan shaxs aynan kamera bor tergov xonasida so‘roq qilinishi kerak. Lekin murojaatlarga e’tibor qaratsak, tazyiq bilan bog‘liq holatlar bo‘lgan tergov jarayonlari, afsuski, kamerasiz xonada olib borilgan.
Fuqorolarning murojatlarini o‘rganish jarayonida “huquq-tartibot organlarida aniqlanmadi”, degan javobni olamiz. Yuqorida aytilganidek, tergov xonalarida kameralar bor, qiynoq jarayoni aynan o‘sha kamera bor xonalarda bo‘lganda, buni ko‘rgan bo‘lardik”, deydi Ombudsman.
Muhammadiyev gapni cho‘zmadi. Indallosi qiynoq va tazyiqdan foydalanilayotgan tergovlar kamerasiz xonalarda, imi-jimida bo‘layotganini Muhammadiyev ham yaxshi biladi.
“Afsuski, barcha tergov jarayonlari aynan kamera bor joyda bo‘lyapti, deb aytolmaymiz. Birgina Andijon voqeasini olsak: bu voqea aniq kamerasiz xonada bo‘lgan. Aynan qaysi xonada ekanini bilmadim, lekin kamerasiz xonada. Insonni bu darajada urish uchun, bilmayman qanday [vahshiy] bo‘lish kerak. Aqlga sig‘dirolmaysiz-da”, deydi Ulug‘bek Muhammadiyev.
Ombudsmanning qayd etishicha, O‘zbekistonda islohotlar ketayotgan bir davrda bu kabi holatlar mamlakat imijiga ta’sir qiladi. Muhammadiyevning aytishicha, qiynoqlar bilan bog‘liq voqealarning aniqlanishi va yechim topishida jurnalistlarning o‘rni kattamish. Ombudsmanning-chi? Uning o‘rni qayerda? Uni qachon ko‘ramiz?
“Bir narsani alohida e’tirof etish kerak, bo‘layotgan voqealarni ommaga yetkazishda jurnalistlarning ham o‘rni bor. Chunki mana shunday holatlarni huquqni muhofaza qiladigan tashkilotlar, kerak bo‘lsa biz ham bilmay qolishimiz mumkin. Chunki voqea o‘tib ketgandan so‘ng, jabrlanuvchilarning oilasidan kimdir murojaat qiladi. Lekin o‘sha paytdagi dalil, isbot yo‘q bo‘ladi.
Jurnalistlar tezlik bilan harakat qilgandan keyin hamma bu masalaga birdan yopishdi va bu oshkor bo‘ldi, yashirishga imkon qolmadi. Eng muhimi, mana shu holatni sodir etgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uzoq muddatga jazolandi, qamoqqa tushdi”, deydi Ulug‘bek Muhammadiyev.
Ombudsman so‘zida davom etar ekan, har qanday jamiyatda inson huquqi buzilishi mumkinligi, lekin buzilgan huquqni tiklash, uni vaqtida ximoya qilish va inson huquqi buzilsa jazosi muqarrar ekanini tushuntirish kerakligini aytdi.
Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi