Ombudsman ish vaqtida vafot etgan bank xodimi uchun kompensatsiya undirib berdi
Jamiyat
−
15 fevral 2021
8447Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro O.T.ning murojaatiga ko‘ra, ish jarayonida vafot etgan ayoli uchun kompensatsiya undirilishiga erishdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Xalq banki”ning sobiq kassiri, marhuma M.T. 1989 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish hamda karantin munosabati bilan sayyor kassa xizmatini ko‘rsatish maqsadida AT “Xalq banki”ning Jizzax filiali 2020 yilning 21 avgust kungi buyruq bilan marhuma M.T. hamda 20 dan ortiq xodimlar 22-23 avgust kunlari ishga jalb qilingan. O‘tgan 2020 yilning 22 avgust ya’ni shanba kuni esa sobiq bank xodimasi ishga ketayotgan vaqtida avtohalokat tufayli voqea joyida vafot etgan.
Bir necha oydan so‘ng, marhumaning turmush o‘rtog‘i Jizzax viloyati Bandlik Bosh boshqarmasiga rafiqasining ish vaqtida bevaqt vafot etganligi sababli ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdorining undirilishini so‘rab murojaat qilgan. Lekin, sug‘urta kompaniyasi xodimning ishga kelgan vaqti ish kuni bo‘lmaganini vaj qilib, sug‘urta qoplamasini to‘lab berishdan bosh tortgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklarga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash Qoidalari”ga ko‘ra, ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek ish beruvchi bergan transportda xodimning sog‘lig‘iga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi moddiy javobgar bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Ombudsman sodir bo‘lgan mazkur baxtsiz hodisaga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy baho berish va kompensatsiya undirilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qilgan.
Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq deb topilgan hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Nihoyat, sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i O.T. foydasiga “Xalq banki” Jizzax filialidan sal kam 218 mln so‘m bir yo‘la to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa hamda 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun 16 yoshga to‘lgunigacha har oyda 756 ming so‘mdan zarar undirilishi belgilangan. Agarda bolalar kunduzgi o‘qishni davom ettirsalar, har oylik summa, ular 18 yoshga kirgunlariga qadar undiriladi.
LiveBarchasi