Oltin narxi jahon bozorida rekord darajada qimmatladi

Olam

image

2025 yilning 6 oktyabr kuni oltin narxi tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetib, birinchi marta 4000 dollardan oshdi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bir yil ichida unsiya (31,1 gramm) oltin narxi qariyb 50 foizga oshgan. Bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan. Nyu-York fond birjasida savdo boshlanganda unsiya oltinning bahosi 3 886 dollarni tashkil etgan. Kunning eng yuqori nuqtasida esa narx 3 969 dollargacha ko‘tarilgan. Kechqurunga kelib, narx 3 960 dollar atrofida bo‘lgan.

Oltin narxining bunday o‘sishiga bir nechta omillar ta’sir qilgan. Avvalo, 1 oktyabrda AQSH hukumatining vaqtincha ishini to‘xtatishi, ya’ni “shatdaun” holati — investorlar orasida xavotir uyg‘otgan. Natijada ko‘pchilik pullarini xavfsiz aktiv hisoblangan oltinga yo‘naltirgan.

Shuningdek, 2025 yil boshidan beri geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik davom etmoqda. “Bloomberg” agentligiga ko‘ra, yil boshida unsiya oltin narxi 2 623 dollar bo‘lgan, hozir esa bu ko‘rsatkich deyarli 4 ming dollarga yetgan. Bundan tashqari, AQSH Federal zaxira tizimi sentyabr oyida kredit foiz stavkasini 9 oy ichida ilk bor pasaytirgan. Bu ham oltinga bo‘lgan talabni kuchaytirgan.

“Deutsche Bank” mutaxassislarining bashoratiga ko‘ra, agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2026 yilda unsiya oltin narxi 4 ming dollardan ham oshib ketishi mumkin. Buning sababi — markaziy banklar tomonidan yuqori talab, dollarning zaiflashishi va Federal zaxira tizimi stavkalarining yana pasayishi bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston 8,42 mlrd dollarlik oltin eksport qilib, oltin sotish bo‘yicha rekordni yangilagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oltin narx untsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing