Olmazordagi fojia: hududda 13 tup daraxt kesib tashlandi
3-sahifa
−
03 avgust 3878 5 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahar Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan sobiq “Karvonbank” binosi o‘rnida olib borilayotgan qurilish ishlari davomida kotlovan o‘pirilib tushgani va 1 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududda 800 mln so‘mlik 13 tup daraxt kesib tashlangan va 16 tup chinor noqonuniy ko‘chirilib, ularga shikast yetkazilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan poytaxt Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Ekopolitsiya xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ushbu qurilish ob’ektida avval ham ekologiya qonunchiligi talablarining bir necha bor buzilgani aniqlangan.
Jumladan, 2025 yil 16 aprel kuni hududdagi 2 tup chinor daraxti belgilangan tartibdagi ruxsatnomalarsiz boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgani aniqlanib, sud qaroriga asosan huquqbuzarga 24,7 mln so‘m jarima hamda 6,6 mln so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar belgilangan.
2025 yil 24 aprel kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirida 14 tup chinor daraxti noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazilishi oqibatida shikastlangani aniqlanib, sud qaroriga muvofiq 9,3 mln so‘m jarima hamda 42 mln so‘m miqdorida zarar undirilgan.
2025 yil 17 dekabr kuni mazkur qurilish maydonida 6 tup chinor, 3 tup archa va 1 tup sofora daraxti noqonuniy kesilgani oqibatida tabiatga 605 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlanib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan. Shuningdek, yetkazilgan zarar summasini huquqbuzar MCHJdan undirish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan. Biroq bugungi kunga qadar mazkur zarar qoplanmaganligi sababli, sud qarorini majburiy tartibda ijro etish uchun hujjatlar Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
2026 yil 13 iyul kuni o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishda yana 3 tup chinor daraxti tag qismidan noqonuniy kesib tashlangani aniqlanib, huquqbuzarga nisbatan 10,3 mln so‘m jarima hamda 218,3 mln so‘m miqdorida zarar qo‘llash yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.
2024 yil aprel oyida ushbu hudud xatlovdan o‘tkazilib, jami 46 tup daraxt (27 tup chinor, 10 tup jiyda, 3 tup aylantus va 6 tup tut) mavjudligi qayd etilgan.


“Donmah-Imex” MCHJga berilgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasini bekor qilish yuzasidan ekologik talablar buzilgani hamda fuqarolarning yozma murojaatlari asosida “Davlat ekologik ekspertizasi markazi”ga tegishli murojaat yuborilgan.
Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekistonda daraxt kesishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Prezidentning 2025 yil 19 noyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi.
Shuningdek, Prezident 19 noyabr kuni “Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat bilan 2026 yil 1 martdan boshlab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 25 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 1124-son qonuni bilan atrof-muhitni, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyati kuchaytirildi. Mazkur qonunga muvofiq ekologik huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari qat’iylashtirilib, qonunchilikka tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.
Yuqorida qayd etilgan ekologiya qonunchiligi buzilishi holatlari tizimdagi o‘zgarishlardan keyin ham davom etgan. Tabiatga yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan sud qarorlari qabul qilingan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli hujjatlar yuborilgan bo‘lishiga qaramay, ekologiya qonunchiligi talablarini buzish holatlari takroran sodir etilgan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Kecha, 2 avgust kuni Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan sobiq “Karvonbank” binosi o‘rnida ko‘p qavatli uylarga tutash tarzda qurilish olib borilishi oqibatida yer o‘pirilgan, ko‘p yillik sog‘lom daraxt qulab, elektr simlarini uzib yuborgan. Oqibatda “Orzu” mahallasi va unga tutash hududlar elektr energiyasisiz qolgan. “Orzu” mahallasi turg‘unlari ushbu qurilish noqonuniy olib borilayotgani va hududda bir necha sog‘lom daraxtlar kesilganidan shikoyat qilib keladi. Biroq bu shikoyatlar natijasiz qolmoqda.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan. Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondash hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.
Aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-(mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddalarida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda.
Live
Barchasi