Olmazordagi qurilishda yer o‘pirilib tushdi, bir kishi jarohatlangan

Jamiyat

image
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Beruniy ko‘chasida qurilish ishlari olib borilayotgan hududda yer o‘pirilib, daraxt qulagan. Oqibatda elektr simlari uzilib, “Orzu” mahallasi va unga tutash hududlarda elektr ta’minoti uzilgan. Hodisa oqibatida bir kishi jarohatlangani va tez yordam orqali olib ketilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda hodisa oqibatida jabrlanganlar va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘q. Vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan.

Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondash hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea sobiq “Karvonbank” binosi o‘rnida, ko‘p qavatli uylar bilan tutash hududda olib borilayotgan qurilish vaqtida sodir bo‘lgan. Qurilish pasportida ob’ekt Toshkent shahri, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi, “Orzu” MFY, 43/1-uy manzilida joylashgan, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bo‘lgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli turar joy binosi sifatida ko‘rsatilgan.

Aholining aytishicha, qurilish ishlari sabab hududdagi ko‘plab daraxtlar kesilgan va bu borada mahalla raisi hamda ekologiya mas’ullariga bir necha bor murojaat qilingan.

Ta’kidlanishicha, ushbu muammo yuzasidan tegishli tashkilotlarga qariyb bir yarim yildan beri murojaat qilib kelingan. Biroq, ularning so‘zlariga ko‘ra, murojaatlarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

“Daraxtlar kesilayotganida ham aytdik, ekologiyaga ham ko‘p murojaat qildik. Hech kim ahamiyat bermadi. Oxiri mana shunday holat yuz berdi”, deydi mahalla vakillaridan biri.

Aholi vakillarining aytishicha, hududdagi daraxtlar kesilishi va qurilish bilan bog‘liq holat yuzasidan turli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilingan, ammo chora ko‘rilmagan.

Hodisadan so‘ng Olmazor tumani hokimi voqea joyiga borgan. Hududni o‘rab, odamlarni xavfli joydan olib chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv natijalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Hokimlik barcha qurilish ishlari ishtirokchilarini belgilangan xavfsizlik me’yorlari va talablariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.

Shuningdek, shahar hokimligi tezkor ma’lumot taqdim etgani va faol fuqarolik pozitsiyasi uchun aholiga minnatdorlik bildirdi.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing