Olmazordagi fojia bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Beruniy ko‘chasida qurilish ishlari olib borilayotgan hududda yer o‘pirilib, daraxt qulagani, oqibatda elektr simlari uzilib, “Orzu” mahallasi va unga tutash hududlarda elektr ta’minoti uzilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, hodisa oqibatida bir kishi jarohatlangan. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, hodisa oqibatida 1 kishi jarohat olgan va u hozir shifoxonada davolanmoqda. Aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-(mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddalarida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Kecha, 2 avgust kuni Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan sobiq “Karvonbank” binosi o‘rnida ko‘p qavatli uylarga tutash tarzda qurilish olib borilishi oqibatida yer o‘pirilgan, ko‘p yillik sog‘lom daraxt qulab, elektr simlarini uzib yuborgan. Oqibatda “Orzu” mahallasi va unga tutash hududlar elektr energiyasisiz qolgan. “Orzu” mahallasi turg‘unlari ushbu qurilish noqonuniy olib borilayotgani va hududda bir necha sog‘lom daraxtlar kesilganidan shikoyat qilib keladi. Biroq bu shikoyatlar natijasiz qolmoqda.

Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan. Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondash hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing