Olmaotada “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatida vazirlar uchrashuvi bo‘ldi
Olam
−
12 aprel 3544 4 daqiqa
Kecha, 11 aprel kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi Tashqi ishlar vazirlarining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MDH mamlakatlari internet portalida xabar berildi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Samir Sharifov, Armaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mnatsakan Safaryan, Belarus Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Utyupin, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu, Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ahmad Gurbanov hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda ishtirokchilar kun tartibining asosiy masalalari va turli sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan. Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu MDH o‘z faoliyati davomida – so‘nggi 30 yilda haqiqiy kuchga ega tuzilma ekanini isbotlaganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhi mustahkamlanmoqda. Qozog‘iston MDH doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori bo‘lib, respublika ilgari surayotgan ko‘plab tashabbuslar hamkorlar va ijroiya qo‘mita tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunday tashabbuslar qatoriga ko‘ngillilar forumi, kinofestival, Hamdo‘stlik yarmarkasi va MDH Akademik poytaxti ta’sis etilishi kiradi.
“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tashabbusi bilan MDHda hamkor va kuzatuvchi maqomlari joriy etildi. Birinchi potensial nomzod sifatida Shanxay hamkorlik tashkilotiga kuzatuvchi maqomini berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘iston tomonidan ilgari surilgan “MDH plyus” nomli yangi hamkorlik formati tashabbusi ham ishlab chiqilmoqda”, dedi Nurtleu.
MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilayotgan Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin Tojikiston raisligi BMT tamoyillari hamda MDH asosiy hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Tojikiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari – mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport-logistika aloqalari va gumanitar hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Yig‘ilishda davlat rahbarlari muhokamasiga chiqarilishi mo‘ljallangan qarorlar qabul qilingan. Muzokaralar chog‘ida Tojikiston delegatsiyasi o‘z raisligining asosiy yo‘nalishlarini bayon etib, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida gumanitar va madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, Sirojiddin Muhriddin kengash 2026-2030 yillarda chegaraviy xavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha MDH davlatlari hamkorlik dasturini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Shuningdek, MDH ko‘ngillilar forumiga tayyorgarlik, tashkilotning me’yoriy-huquqiy asosini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan. A’zo davlatlarning doimiy vakillari kengashi faoliyatiga, MDH qurolli kuchlari o‘rtasida qo‘shma aloqa tizimini shakllantirishga hamda fuqarolik, oila va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish konvensiyalariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha hujjatlar imzolangan. Bundan tashqari, ko‘ngillilar forumi arafasida yoshlar va jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida muloqot maydonini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. MDH institutlari samarali va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida tashkilotning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga doir qator hujjatlar, jumladan, MDH doimiy vakillari kengashi to‘g‘risidagi nizom, MDH qurolli kuchlari aloqa tizimini shakllantirish prinsiplari to‘g‘risidagi nizom, fuqarolik, oila va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam konvensiyalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bayonnomalar qabul qilingan. Axborot xavfsizligi bo‘yicha asosiy tashkilotlar ta’sis hujjatlari ham tasdiqlangan.
MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning ma’lum qilishicha, hozirda hamdo‘stlik doirasida turli yo‘nalishlar bo‘yicha 67 ta tarmoq kengashi faoliyat yuritmoqda, ularning aksariyati iqtisodiy sohalarga tegishli. Unga ko‘ra, yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar aynan shu kengashlar faoliyatini jonlantirish va ularning samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.
“Hurmatli do‘stlar, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugungi yig‘ilishda ishtirok etgan to‘qqizta davlat Tashqi ishlar vazirlarining barcha chiqishlarida umumiy fikr sifatida quyidagi g‘oya yangradi: bu davlatlar MDH doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni saqlab qolish va mustahkamlash yo‘lida faol harakat qilishda davom etadi”, deydi Sergey Lebedev.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyida Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etgan. Uchrashuvda 2024 yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilingan va ko‘p tomonlama hamkorlikning kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari ko‘rib chiqilgan.
Live
Barchasi