“Olmaota – Toshkent” yo‘nalishidagi poyezdda “Ayollar vagoni” yo‘lga qo‘yiladi
Olam
−
11:28 990 2 daqiqa
2026 yil 1 oktyabrdan “Olmaota – Toshkent” yo‘nalishida qatnaydigan xalqaro poyezd tarkibida ayollar uchun maxsus vagon joriy etiladi. Bu haqda “24kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonning “Yo‘lovchi tashish” kompaniyasi xalqaro yo‘nalishida bunday xizmat birinchi marta yo‘lga qo‘yilishi hisoblanadi. Yangi vagon ishga tushirilishi bilan jami hisobda mamlakatda “Ayollar vagoni” xizmati mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi.
Bildirilishicha, mazkur yo‘nalishdagi poyezd har kuni qatnaydi.
“Yo‘lovchi tashish” AJ boshqaruvi raisi Anvar Axmadjonovning aytishicha, qaror yo‘nalishdagi talab va yo‘lovchilar oqimi ortishi sabab qabul qilingan. Uning ma’lum qilishicha, xizmat yo‘lga qo‘yilganidan beri undan 946 mingdan ortiq ayol foydalangan.
Manbaga ko‘ra, ayollar vagoniga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, vagonda esa faqat ayol vagon kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi. Katta yoshli ayol yo‘lovchilar bilan birga 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar ham vagonda harakatlanishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, chiptalarni temir yo‘l kassalari yoki tashuvchining rasmiy sayti orqali xarid qilish mumkin. Bilet olishda “JN” belgisiga e’tibor berish kerak – u ayollar vagonidagi joyni anglatadi. Chiptalar poyezd jo‘nashiga 45 kun qolganda sotuvga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda poyezdlarga “talab yuqoriligi” sabab ortiqcha odam olinayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi