Surxondaryoda poyezdlarga “talab yuqoriligi” sabab ortiqcha odam olinmoqda (video)
Jamiyat
−
13:06 2019 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda “Sariosiyo – Termiz” yo‘nalishida harakatlanayotgan shaharlararo poyezdga oid turli videolar va izohlar tarqaldi. Ularda poyezddagi yo‘lovchilar gavjumligi va vagonlardagi sharoitlar yuzasidan e’tirozlar bildirilgan. Mazkur holat yuzasidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishda qatnovni amalga oshirayotgan poyezd 4 ta yo‘lovchi vagonidan iborat bo‘lib, jamoat transporti tamoyili asosida faoliyat yuritadi.
Ushbu yo‘nalishda chiptalar o‘rindiq raqami ko‘rsatilmagan holda, ya’ni joysiz sotiladi. Yo‘lovchilar amaldagi chipta asosida poyezdga chiqib, bo‘sh o‘rinlarga joylashadi. Qayd etilishicha, har bir vagon 81 nafar yo‘lovchini o‘tirgan holda tashishga mo‘ljallangan.
Bildirilishicha, poyezd aholiga qulay va hamyonbop transport xizmati ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu yo‘nalishga talab yuqori bo‘lib, ayniqsa dam olish va bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik kuzatilishi mumkin.
Tashkilotga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi poyezd vagonlari yo‘lovchilar uchun zarur qulayliklar bilan ta’minlangan bo‘lib, jumladan, yoz mavsumida sovutish, qish mavsumida esa isitish tizimlari uzluksiz ishlashi ta’minlanadi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur choralar ko‘riladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ fuqarolardan tasdiqlanmagan yoki bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlarga emas, rasmiy axborot manbalariga tayanishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi jamoat transportlariga doir vaziyatlarni tanqid qilib, chiptalar muammosini ko‘targan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, biletlar sun’iy qimmatlashtirilgan hamda sohada monopoliya mavjud.
Live
Barchasi