Olmaota aeroportida yo‘lovchi samolyoti yonib ketdi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota shahri aeroportida texnik xizmat ko‘rsatish ishlari vaqtida FlyArystan aviakompaniyasining samolyoti yonib ketdi. Yong‘in tezda o‘chirilgan, ammo Air Astana kompaniyasining bir nafar xodimi jarohat olgan. Bu haqda “Tengri Travel” xabar berdi.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa yuz bergan vaqtda samolyotda rejali texnik xizmat ko‘rsatish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Ishlar davomida yong‘in chiqqan. U aeroportning favqulodda xizmatlari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan.

Yong‘inga aynan nima sabab bo‘lganiga hozircha aniqlik kiritilmagan. Hozirda hodisa aviakompaniya tomonidan Olmaota aeroporti bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda. Hodisa vaqtida bortda yo‘lovchilar ham, ekipaj a’zolari ham bo‘lmagan. Shu bilan birga, hodisa chog‘ida Air Astana xodimi jarohat olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, so‘ng shifoxonadan javob berilgan.

Hodisadan so‘ng havo kemasi vaqtincha foydalanishdan chiqarilgan. Hozirda mutaxassislar samolyotga qanchalik zarar yetganini baholamoqda va zarur ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning g‘arbiy qismidagi Alyaska shtatida bortida 8 kishi bo‘lgan charter samolyoti uzoqda joylashgan radar stansiyasi yaqinida halokatga uchragandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing