Olmaliqda tom ostida qolgan hindistonlik ishchilar operatsiya qilindi
Jamiyat
−
21 fevral
6547Kecha, 20 fevral kuni Olmaliqda “Enter Engineering” kompaniyasining metall tayyorlash sexidagi vaqtinchalik qurilmaning tom qismi qulashi oqibatida jarohatlangan ishchilar operatsiya qilindi. Bu haqda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xabar berdi.
“Baxtsiz hodisa tufayli jami 30 nafar hindistonlik ishchi-xodimlar jabrlangan edi. Ularning 3 nafari voqea joyida vafot etishgan bo‘lib, 27 nafariga zudlik bilan tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan”, deyiladi xabarda.
Shulardan to‘rt nafar kishiga Ohangaron tumani shoshilinch tibbiy markazida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilib, tez yordam ko‘rsatilgan va ahvollari yaxshi bo‘lgani uchun shifoxonadan javob berilgan.
Qolgan 23 nafar jabrlanganlarga esa Olmaliq shahar shoshilinch tibbiy markazida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokorlari yordamida bemorlarning 6 nafarida jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bugungi kunda 6 nafar jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorlar Respublika Ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida muolajalarni davom ettiryapti, ahvollari qoniqarli”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, qolgan 17 nafar jabrlanuvchilarga Olmaliq shahar shoshilinch tibbiy markazda tibbiy yordam ko‘rsatilyapti, ahvollari o‘rta va yengil holatda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qayd etishicha, jabrlanganlarning barchasiga alohida shifokor biriktirilgan, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
“Hindistonlik jabrlangan ishchi-xodimlar uchun tezkor tibbiy yordam tashkil etish ishlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ilmiy markaz rahbarlari jalb etilgan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mas’ullari ham jabrlanganlar holidan muntazam xabar olib turibdi”, deyiladi bayonotdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
LiveBarchasi