Oliy ta’lim vazirligining korrupsiyaga qarshi mexanizmlari eng qoniqarsiz deb topildi
Jamiyat
−
28 mart
4727Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023 yil davomidagi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini eng qoniqarsiz darajada amalga oshirgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Joriy yilda 2023 yil natijalari bo‘yicha 95 ta davlat tashkiloti, jumladan 36 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 59 tasi esa takroran baholashdan o‘tkazilgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 42 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 38 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 15 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratildi.
Bildirilishicha, natijalarning xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilib, ular tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining baholash natijalari mustaqil va xolis ko‘rib chiqilgan va xulosalar taqdim qilingan.
Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmagani, jumladan ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va xaridlar jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va aniqlash bilan bog‘liq choralar amalga oshirilmagani, korrupsiya haqida xabar berish bo‘yicha aloqa kanallarining yo‘lga qo‘yilmagani, ushbu yo‘nalishdagi hujjatlar ijro etilmagani, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Surxondaryo va Andijon viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” baholandi. Andijon viloyat hokimligi tomonidan esa korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi shtat birligi xodim bilan jamlanmagan.
Ta’kidlanishicha, “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi.
LiveBarchasi