Bizni yaxshi ko‘radiganlar ham, ko‘rolmaydiganlar ham ko‘p – Prezident (video)
Jamiyat
−
22 yanvar 2020
6788O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatni oldinda katta xavflar kutib turgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi.
Odatda davlat rahbari o‘z nutqlarida dunyoning boshqa mintaqalari, jumladan Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlarga to‘xtalib, munosabat bildirmas edi. Prezident bu haqda rasman 20 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida gapirdi. Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi savdo urushlarining O‘zbekistonga bo‘lgan salbiy va ijobiy ta’siriga to‘xtaldi.
“Biz ko‘p narsaga erishdik, lekin tashqi siyosatda bizda endi muammolar paydo bo‘ladi. Nimaga muammolar? To‘g‘ri tushuninglar, bizni yaxshi ko‘radiganlar ham ko‘p, ko‘rolmaydiganlar ham ko‘p paydo bo‘ladi bundan buyog‘iga. Shuning uchun juda ustalik bilan, har bir gapimizni o‘ylab, chertib-chertib... Shoshilmasligimiz kerak. Endi shoshilishga haqimiz yo‘q. Xato qilishga to‘rt kara haqimiz yo‘q”, deydi Prezident.
Davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Sodiq Safoyev nomzodini ilgari surib, Safoyevning xalqaro munosabatlarda katta tajribasi borligi va kim bilan qanday munosabat o‘rnatishni bilishi, bundan buyon Senatda ham xalqaro munosabatlar ustuvor masala bo‘lishini aytdi.
“Oldimizda turgan juda katta xavf-xatarlar bor. Men sizlarga ochig‘ini aytmoqchiman. Ko‘p davlatlar bilan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha juda katta shartnomalarga qo‘l qo‘yildi. Ularni amalda bajarish kerak. Shartnoma – bu qog‘oz. Lekin millatimizni, parlamentimizni manfaatini ko‘zlaydigan shartnomani amalda bajarishimiz kerak. Buning uchun shu narsalarni biladigan yetuk jamoa kerak.
Bu lavozimga hozir Sodiq Solixovichdan boshqa munosib nomzod yo‘q, desak bu ham adolatdan bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi