Prezident yangi vazirlik ishini tashkil etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi
Jamiyat
−
21:14 1719 3 daqiqa
Bugun, 7 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yaqinda Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgandi. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini shakllantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yilgan. Bunda ta’lim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Maktabgacha ta’limda bolani har tomonlama rivojlantirish, dastur va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish hamda ularni baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilingan. Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etilgan.
Kasbiy ta’lim bo‘yicha yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berilgan. Korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’limni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy o‘quv materiallarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish taklif qilingan. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilingan.
Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratilgan. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish bo‘yicha takliflar taqdim etilgan.
Taqdimot davomida Prezident ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylik mustahkamlanishi zarurligini ta’kidlagan. Har bir bosqichda ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytirish, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va bu qadriyatlarga butun ta’lim jarayonida va ilmiy faoliyatda tayanish muhimligi qayd etilgan. Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, rektorlar o‘z universitetining yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda qanday rivojlanishi haqida aniq tasavvur va rejaga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi