Brexit epopeyasi yakunlanyapti. YeIdan chiqish hujjati qirolichaga yuborildi

Olam

image

Buyuk Britaniya parlamentining har ikki palatasi mamlakatning joriy yilning 31 yanvarida Yevropa Ittifoqidan chiqishi haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hujjat tasdiqlashi uchun Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ga yuborilgan. Shuningdek, uni Yevropa parlamenti ham tasdiqlashi kerak.

Qayd etish kerakki, dastlab Britaniyaning YeIdan chiqishi 2019 yilning mart oyiga rejalashtirilgandi. Biroq parlament va hukumat chiqish shartlari masalasida kelisha olmagani uchun Brexit bir necha marta kechiktirildi.

2019 yilning dekabrida Bosh vazir Boris Jonsonning Konservatorlar partiyasi Brexit`ni tezlatishni va’da qilib, parlament saylovida g‘alaba qozondi.

Joriy yilning 9 yanvarida Jamoalar palatsi (Britaniya parlamentining quyi palatasi) Brexit to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. So‘ng hujjat ko‘rib chiqish uchun Lordlar palatasiga (Britaniya parlamentining yuqori palatasi) yuborildi.

Ma’lumot uchun, Britaniya uchun YeIdan chiqish 2010 yilda asosiy siyosiy maqsad bo‘lib ulgurgandi. 2016 yilda o‘tkazilgan referendumda Ittifoqdan chiqish tarafdorlari ko‘p ekani ma’lum bo‘ldi. Brexit tufayli Britaniyaning ikki Bosh vaziri muddatidan avval lavozimini tark etdi. Bular, Brexit jarayoni boshlanganda hukumat rahbari bo‘lgan Devid Kemeron va undan keyin kelgan Tereza Mey.


Maqola muallifi

Teglar

Brexit Evropa ittifoqi

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing