Xavfsizlik va inson huquqlari o‘rtasidagi tanlov. Gruziyada hukumat nimani xohlayapti? Xalq-chi?

Tahlil

image

Muammolar yo‘lagidagi estafeta tayoqchasining navbatdagi egasi Kavkazda joylashgan mo‘jaz Gruziya tog‘li o‘lkasi hisoblanadi. Gruziya parlamenti mamlakat bo‘ylab keskin ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan munozarali “xorijiy agentlar” qonunini qabul qilish masalasini deyarli o‘z nihoyasiga yetkazdi. Roppa-rosa bir yoshga to‘lib ulgurgan ushbu muammoning sarguzashtlari oxirlab qoldi. Poytaxt Tbilisida o‘n minglab odamlar qonunga qarshi chiqmoqda. Tahlilchilar esa bu Rossiyada allaqachon qabul qilingan chet el agenti to‘g‘risidagi qonunning ayni nusxasi ekani va bu qo‘pol xatolik Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini juda uzoq muddatga kechiktirishi haqida ogohlantirmoqda. Biroq ayni damda Gruziyada boshqaruv bortiga mahkam o‘rnashib olgan “Gruziya orzusi” partiyasi bu tavsiya va “yumshoq tahdidlarga” quloq solish niyatida emas.

Qonun nimani anglatadi va u qanday “yetildi”?

“Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi dastlab 2023 yilning boshlarida kun tartibiga chiqishni boshladi. Mart oyida keng tarqalgan noroziliklardan keyin ushbu qonun loyihasi qaytarib olindi. Vaqt o‘tib qonun loyihasiga ma’lum o‘zgartirishlar kiritildi. Ammo o‘zgarishlar ushbu loyihadagi asosiy tushunchalarning nomlanishini o‘zgartirishdangina iborat bo‘ldi. Faqat ayrim atamalar o‘zgargan holda qaytadan ishlab chiqilgan loyihaning yangi tahririda ular “xorijiy ta’sir agenti” atamasini “xorijiy davlat manfaatlarini ko‘zlayotgan tashkilot” bilan almashtirishga qaror qilindi, ammo boshqa jihatlarda u qaytarib olingan hujjatni takrorlaydi. Qonun loyihasida “xorijiy agentlar” reyestrini yaratish ko‘zda tutilgan.

Qonunning eng muhim maqsadi, xorijiy donorlar ta’sirida faoliyat olib boradigan nodavlat va notijorat tashkilotlarni qattiq nazoratga olish. Unga ko‘ra, 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari reyestrga kiritiladi. Ular yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilishlari kerak bo‘ladi. Ammo, katta ehtimol bilan bu hammasi emas. Ushbu talablar shunchaki “xamir uchidan patir” bo‘lishi mumkin. Sababi, bunday mazmundagi avtoritar tabiatga xos bo‘lgan qonun loyihalari qabul qilingan Rossiya Federatsiyasida mustaqil ommaviy axborot vositalarining taqdiri qanday yakun topgani barchaga ma’lum.

Barcha tahlil va taxminlar, juda keng ko‘lamdagi qarshiliklarga qaramay, Gruziyadagi hukmron partiya bu loyihani yana qayta jonlantirishga erishdi. Xususan, shu yil aprel oyining ikkinchi yarmida bir necha kunlik parlament ichidagi va keng jamoatchilik orasidagi noroziliklarga qaramay, Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 1 may kunida bo‘lib o‘tgan ikkinchi o‘qishda ham vaziyat o‘zgarmadi. Birinchi o‘qishda bo‘lgani kabi, hujjatni 150 nafar deputatdan 83 nafari qo‘llab-quvvatlagan. Bu orada minglab odamlar parlament binosi oldidagi maydonda to‘planib, qonun loyihasining qabul qilinishiga norozilik bildirishganiga qaramay, xalq tomonidan saylangan xalq xizmatchilari ularning e’tiroz va qarshiliklarini nazardan chetda qoldirdi.

Va nihoyat jarayonga rasman yakun yasab bergan so‘nggi uchinchi ovoz berishda Bosh vazir Irakliy Kobaxidze muvaffaqiyatga erishdi va ushbu “global integratsion talabga javob bera olmaydigan” hujjatni parlamentdan o‘tkazdi. Bu safar 150 o‘rinli qonun chiqaruvchi organda 84 deputat qonunni yoqlab, 30 nafari qarshi ovoz bergan. Bu esa qonun loyihasining salkam rasman qabul qilinganini anglatadi. To‘g‘ri, parlament buni rasman tasdiqlatish uchun Prezidentga yuborishi lozim. Prezident bu hujjatga qarshi veto qo‘yish vakolatiga ega. Biroq endi buni deyarli hech qanday ahamiyati yo‘q. Negaki, tartib qoidaga ko‘ra, mazkur yetarli darajada to‘plangan ovozlar bilan parlament Prezidentning vetosini hech qanday to‘siqlarsiz bekor qila oladi.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili qonun qabul qilinsa, veto qo‘yishga va’da bergan edi. Zurabishvili “chiqmagan jondan umid” qabilida o‘z va’dasiga sodiq qoldi. U 18 may kuni Gruziya parlamentida uchinchi o‘qishda qabul qilingan “Chet el ta’sirining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga veto qo‘ydi.

“Bugun men “Rossiya” qonuniga veto qo‘ydim. Bu bizning konstitutsiyamizga va barcha Yevropa standartlariga zid keladi va shu bois bizning Yevropa yo‘limiz uchun to‘siqdir”, deb aytib o‘tdi Prezident. Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili parlament Prezidentning chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga qo‘ygan vetosini yengib o‘ta olishini ma’lum qildi. 
 

Voqealar rivoji qanday davom etdi?

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Gruziya chet el agentlari haqidagi qonunni qabul qilgudek bo‘lsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatga sanksiya kiritishi haqidagi ogohlantirish bilan chiqdi. Biroq “Xalq kuchi” partiyasi a’zosi Sozar Subari buni shunchaki “quruq gap” deb atab, G‘arb tomonga keskin javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra bu qonunning maqsadi, Gruziya hukumatini tashqi xurujlardan himoya qilishdan boshqa narsa emas. Deputatning urg‘ulashicha, AQSH xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydigan nodavlat tashkilotlar va siyosiy partiyalar qo‘li orqali mamlakatni itoatkor boshqaruvga qaytarishga urinmoqda. Bu esa jiddiy, biroq o‘ziga yarasha bir qancha asoslarga ega bo‘lgan ayblovdir.

Qonun loyihasi Gruziya uchun hali uzoq vaqt bosh og‘rig‘i bo‘lishi kutilgan edi. Kutilmalar o‘zini uzoq kuttirmadi. Yevropa Ittifoqi Gruziyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishi bilan bog‘liq mojarolar ortidan a’zolik arizasini muzlatib qo‘yishi haqidagi xabarlar darhol Yevropaning bir qancha ommaviy axborot vositalarida birin-ketin ko‘rinish berishni boshladi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Gruziyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunining mazmuni Yevropa Ittifoqi normalari va qadriyatlariga mos kelmasligini bildirdi. Bu orada Oq Uy ham jim turmadi. Xususan, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili “xorijiy agentlar” haqidagi qonunga veto qo‘yishi kerakligini aytdi.

“Agar qonun kuchga kirsa, Qo‘shma Shtatlar Gruziya bilan ikki tomonlama munosabatlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi”, deydi matbuot kotibi.

Bundan tashqari Blinkenning ogohlantirishlari shunchaki “quruq gap” bo‘lib chiqmadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Gruziyaga javob qaytarishning jiddiy usullariga murojaat qilmoqchi. Xususan, ular “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘liq holda Gruziya rasmiylariga viza cheklovlarini joriy etish bo‘yicha yangi siyosatga o‘tmoqda. Viza cheklovi siyosiy hokimiyat rasmiylari va ularning oila a’zolariga nisbatan amal qilishi ko‘zda tutilmoqda. Biroq bugungi kunda viza cheklovi majburlov kuchi yetarli darajadagi siyosiy instrument emas va bu bilan qaysidir hukumatga ta’sir o‘tkazish foizlari juda past. Lekin bu AQSH tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan faqatgina dastlabki chora bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Prezident va Bosh vazir qarama-qarshiligi. Hokimiyat kimning yo‘rig‘ida?

Yuqorida juda ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, Prezident Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo‘yishga va’da berdi, ammo bu juda oz narsani anglatadi. Chunki Gruziya hozirda parlamentar respublika va bunday turdagi boshqaruv shaklida Prezident amalda shunchaki davlat arbobi hisoblanadi, xolos. Shunday ekan, bu muhitda haqiqiy hokimiyat Bosh vazir Kobaxidzega tegishli. Bundan tashqari, Gruziya orzusi asoschisi, sobiq Bosh vazir Bidzina Ivanishvili ham mamlakatda muhim siyosiy ta’sirga ega, degan ma’lumotlar ham yo‘q emas.

Prezident va hukumat bu masalada bir-biridan keskin farq qiluvchi ikki xil pozitsiyada. Zurabishvili CNN telekanaliga bergan intervyusida qonun loyihasini rossiyalik mavqedoshining “aniq nusxasi” deb atadi. Bu masala bo‘yicha nafaqat Zurabishvili, balki G‘arb dunyosining juda ko‘plab rasmiylari ham shunday fikrda. Ularning fikrini umumlashtirib turuvchi nuqta shuki, agarda mazkur qonun kuchga kirsa, bu mustaqil matbuot va fuqarolik jamiyati uchun og‘ir davrlarni boshlab beradi. Yevropa ittifoqiga kirishga harakat qilayotgan davlat esa bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirishi biroz tushunarsiz holat. 

CNN muxbiri Kristian Amanpur bilan suhbatda Zurabishvili 2024 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar aholiga qonunni “bekor qilish” imkoniyatini berishini aytdi. Darhaqiqat, Salome xonimning bu gapida bir qadar jon bor. “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi o‘zining bu harakatlarini aynan parlament saylovlari yilida amalga oshirib katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda. Qonun may oyida qabul qilindi, saylovlar esa oktyabrda. Bu vaqt esa keng jamoatchilikning rasmiylarga nisbatan vujudga kelgan g‘azab va nafratining so‘nishi uchun juda ozlik qiladi. Biroq qonunga qarshilar rostdan ham keng jamoatchilikmi degan savol o‘rtaga tashlanishi lozim. Bu loyihaning kuchga kirishiga qarshi ko‘chaga chiqayotganlar haqiqatan ham juda ko‘pchilikni tashkil qiladimi? Ular aslida kim va aynan nimani xohlamoqda? Namoyishchilarning asl maqsadi fuqarolik jamiyatining erkinliklari uchunmi yoki ularning bu harakatlari tashqi stimullar tufaylimi? Bu kabi savollarga hali to‘liq javob mavjud emas. Bizga hozircha ma’lum bo‘lgan eng asosiy ma’lumot – har safar namoyishlarda qatnashayotganlarning soni. Qonun loyihasi qabul qilinishidan bir oy oldin har kecha Tbilisida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Shunday norozilik namoyishlaridan birida 50 mingga yaqin odam 1 million atrofidagi aholi istiqomat qiladigan poytaxtga chiqib, “Rossiya qonuni” deb atalayotgan loyihaga nisbatan o‘zining jiddiy noroziligini bildirdi. Ayni damda umumiy hisobda 3,7 million aholi istiqomat qiluvchi davlatda “50 ming” sezilarli ko‘rsatkich. Agar bu son faqat birgina namoyishning o‘zida va birgina Tbilisida ekanligini hisobga olsak, vaziyat ancha jiddiy ekanini taxmin qilish qiyin emas. To‘g‘ri, norozilikning asosiy o‘chog‘i hozirda faqat poytaxt Tbilisi, biroq bu qarshiliklarning shamoli Gruziyaning boshqa qismlarida esmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ayniqsa, bu kayfiyat saylov payti yanada avj olib, ovoz berish jarayoniga o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasini aynan shu masala jiddiy xavotirlantirishi lozim. Chunki ularga qarshi deyarli muxolifat ampulasidan joy olib ulgurgan Prezident Salome Zurabishvili bu haqdagi rejasini ochiqladi.

“Biz jamiyatning ushbu safarbarligidan va siyosiy partiyalarning birlashuvidan foydalanib, ushbu saylovlarda g‘alaba qozonishimiz kerak, chunki bu Yevropa usuli”, dedi u.

Muxolifat jamoatchilikning faol qatlamidan foydalanishi oldindan taxmin qilingan jarayon edi. Ayni damda bundan boshqa yo‘l ham mavjud emas. Ular allaqachon masalaning yuridik tomonini boy bergan. Parlamentdagi ustunlik to‘laqonli hukmron partiya qo‘lida. Odatda, parlamentar respublikada biron maqsadga erishish uchun shuning o‘zi yetarli hisoblanadi. Shunday ekan bu holatda Prezident va u bilan bir yo‘lakka tushib olgan muxolifatning ushbu masaladagi imkoniyatlari oktyabr oyigacha juda past. Bundan tashqari, ularda qo‘shimcha tarzda “yumshoq tashqi kuch” yordami imkoniyati ham bor. Biroq ortda qolgan uch dekada insoniyatga ichki siyosatda tashqi ta’sirdan foydalanishning o‘zi bir mag‘lubiyat ekanligini ko‘rsatdi. Davlatlarni boshqarayotgan elitalar bu saboqlarni juda yaxshi anglab ulgurgan.

“Gruziya orzusi” va muxolifat partiyalarning haqiqatlari

Bugun biz ko‘rib turgan va bizga ko‘rinayotgan yoki “ko‘rsatilayotgan” manzara go‘yoki Gruzin elitasi o‘z xalqining manfaatlarini sariq chaqaga ham olmayotgandek ko‘rinmoqda. Biroq tanganing ikkinchi tomoni har doim mavjud ekanini unutmaslik lozim. Partiya vakillari ushbu qonun loyihasi  shaffoflik va milliy suverenitetni qo‘llab-quvvatlashini tinimsiz ta’kidlab, G‘arbning ushbu qonunga qarshi qaratilgan tanqidlariga o‘ta jiddiy ritorikada javob qaytarib kelmoqda. 

Hozircha noroziliklarning asosiy nuqtasi faqatgina Tbilisi ko‘chalari va parlament binosi atrofi. Butun mamlakat bo‘yicha bunday ssenariy mavjud emas. “Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunning asosiy ijodkorlari hisoblanadigan Bosh vazir Irakliy Garibashvili va uning ortida turgan partiyalarning eng asosiy prioriteti bu ayni damda – xavfsizlikdir. Bugungi kunda Gruziyada iqtidorda turgan shaxslar xavfsizlik so‘zi ortida aniq bir jarayonni nazarda tutmoqda. Bu – “rangli inqilob” yarasidir. To‘g‘ri, yaqin o‘tmishda gruzin siyosiy hayotida sodir bo‘lgan rangli inqilob mamlakat uchun keng ko‘lamdagi ijobiy o‘zgarishlarni taqdim etdi, biroq har safar bu turdagi inqilob sodir bo‘lar ekan, jamoatchilik orasida inqilob bilan kelgan yangi hukumatning “mustaqil” ekanligiga shubha tug‘ilaveradi. Bu hodisa Jorj Sorosning tiriklik paytida sodir bo‘lishi esa shubha va gumonlarni yanada kuchaytiradi. 

Dunyoga “Soros fondi” nomi bilan tanilgan Ochiq jamiyatlar jamg‘armasi aynan hukmron gruzin partiyalari tomonidan qonun loyihasida nazarda tutilgan xorijiy moliyaviy manbalarga yaqqol misol bo‘la oladi. Ko‘plab siyosiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, rangli inqiloblarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi aynan Jorj Soros tomonidan tashkil qilingan Ochiq jamiyatlar jamg‘armasidir. Agar bu fikrni tasdiqlaydigan bo‘lsak, Irakliy Garibashvili va u boshchiligidagi hukmron partiyaning tashabbusi bir qadar o‘rinli deyishimiz mumkin.

Jorj Sorosning mamlakatlarni o‘z xohishlariga ko‘proq moslashtirishdagi asosiy quroli bu "rangli inqilob" edi. U o‘z missiyasi davomida Filippinda sariq inqilob, Ukrainada apelsin inqilobi va Myanmada za’faron inqilobi kabi “ijobiy” to‘ntarishlar uyushtirgani ko‘p esga olinadi. Rangli inqiloblarning muvaffaqiyatlari alternativ ko‘rinishga ega. Inqilob odatda ikki xil maqsadni o‘z oldiga qo‘yadi. Bularning biri mavjud hukumatni ag‘darish bo‘lsa, ikkinchi muqobil yo‘l bu – elita o‘z o‘rnida qolgan taqdirda, mamlakatning siyosiy madaniyatini tubdan o‘zgartiradigan o‘zgarishlarni amalga oshirish va yon bosishga majburlashdan iborat. Soros o‘zining Ochiq jamiyat jamg‘armalari nodavlat tashkiloti homiyligida butun dunyo bo‘ylab shu kabi rangli inqiloblarda chuqur ishtirok etganligi borasida tahlilchilar o‘rtasida turli qarashlar mavjud.

Gruziyaning amaldagi hukumati aynan shunday ssenariy sodir bo‘lishi va ushbu inqiloblarni dastaklovchi moliyaviy donorlardan xavotirda. Chunki Gruziya rangli inqiloblar tarixining eng oldingi sahifalaridan joy olgan mamlakat hisoblanadi. To‘g‘ri, bugun Soros yer yuzida qanday ta’sirga ega ekani borasida aniq bir xulosaga kelish mushkul, biroq unga o‘xshagan yangi “qo‘g‘irchoqbozlar”ning yana bo‘y ko‘rsatmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Bu tomondan “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” va “Xalq kuchi” partiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar tushunarli.

Muxolifatning ham bu borada o‘z xavotirlari va shu xavotirga sabab bo‘luvchi o‘ziga yarasha asoslari mavjud. Yangi davr tarixidagi hozircha dunyoning eng jozibador ittifoq modeli bo‘lib kelayotgan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish o‘zi bilan bir qator istiqbollarni yetaklaydi. Gruziya Prezidenti va uning hamfikrlari bugun og‘zi oshga yetay deganda bayramning bekor bo‘lishidan jiddiy xavotirda. Sababi, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasi Yevropa qadriyatlariga mutlaqo zid va buni ittifoqning siyosiy va huquqiy madaniyati umuman qabul qilmaydi. Bu esa Gruziyaning ittifoqqa kirish jarayonini deyarli to‘xtab qolishini anglatadi. Lekin oldimizda turgan oktyabrdagi saylovlar bu masalani ma’lum ma’noda so‘roq ostiga olmoqda. Oldinda saylov. Shunday ekan, ushbu qonun loyihasi va ittifoqqa qo‘shilish ishlarining taqdiri vaqt hukmi ostida.

“Xorijiy agentlar” qonun loyihasi Rossiya yoki G‘arb tanlovi o‘rtasidagi Gruziyaning qarorimi?

Qonunning qabul qilinishi o‘z-o‘zidan o‘rinli bir savol tug‘diradi: Gruziyaning kelajagi kimga bog‘liq? Ichki va tashqi siyosatidan tortib, vakolatli shaxslar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlargacha aralashuvchi Yevropa bilanmi, yoki ancha yillar oldin mamlakatning naqd beshdan bir qismini tortib olgan va bu ishni tarixda ham, hozir ham bir qancha qo‘shnilariga nisbatan amalga oshirgan Rossiya bilanmi? Ushbu holat shunchaki qiyin tanlov emas. Bu ikki zarar ichidan ma’lum darajada kamroq bo‘lganini tanlashdek taassurot uyg‘otmoqda. 

So‘nggi yillarda postsovet hududidagi davlatlarning ko‘pchiligi o‘z vektorini tanlab ulgurdi. Bu tanlov bahsida Rossiya allaqachon kollektiv G‘arbga imkoniyatni boy bergan. Boltiqbo‘yi va Kavkazorti o‘z yo‘nalishini Rossiyaning istaklar doirasidan tashqariga olib o‘tishga ulgurishgan. Bu davlatlarda milliy o‘zlikning shakllanishi esa mazkur jarayonni ortga qaytarish imkoniyatini blokladi. Ko‘pchilik bugun Gruziyada qabul qilinayotgan “xorijiy agentlar” masalasidagi qonun hujjatini hukumatning Kremlga nisbatan xayrixoh ekanligining ishorasi sifatida ko‘rmoqda. Buning eng asosiy sababi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Rossiyada ham shunday mazmundagi qonun loyihasi mavjudligi va bu Federatsiyada so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarining harakatlarini bo‘g‘ib tashlaganidir. Bundan tashqari, ko‘pchilik gruzinlar 2008 yilda Gruziyaga bostirib kirgan va uning xalqaro tan olingan hududining 20 foizga yaqinini egallagan Kremlga nisbatan qattiq adovatda. So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, gruziyaliklarning 80 foizga yaqini Kreml orbitasiga tushib qolishdan ko‘ra Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tarafdori.

“Gruziya orzusi” partiyasi esa mazkur mashmashalar avj olgandan buyon uzoq vaqtdan beri rossiyaparast partiya sifatida talqin qilinmoqda. Ayniqsa partiya asoschisi Bidzina Ivanishvili boyligining katta qismini Sovet Ittifoqi va uning siyosiy vorisi Rossiyada orttirganligi bu ayblovni yanada jonlantiradi. So‘zimiz boshida tilga olingan Ivanishviliga to‘xtalib o‘tish bu boradagi fikrlarni bir qadar tartibga solishimizga yordam beradi. Bidzina Ivanishvili milliarder va sobiq siyosatchi hisoblanadi. O‘z vaqtida Bidzinaning boyligi Gruziyaning butun boshli byudjetidan ham ko‘p bo‘lgani e’tirof etiladi. U 2011 yildan siyosat bilan faol shug‘ullanishni boshlagan. U “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi hisoblanadi. 2012 va 2013 yillar oralig‘ida hukumatni boshqargan Ivanishvili faoliyati davomida o‘zining siyosiy vorisi sifatida hozirgi Gruziyaning Bosh vaziri Irakliy Garibashvilini tanladi. O‘zi esa 2021 yilda partiya raisligidan ham, partiyadan ham chiqqanini e’lon qildi. Biroq mazkur holat uning siyosatdan ketganini anglatmaydi va bu shunchaki rasmiyatchilik bo‘lishi ham mumkin. Bugun Gruziyada uning ulkan ta’siri mavjudligi to‘g‘risida gap-so‘zlar yetarlicha. Bidzina ayni damda “Forbes” talqiniga ko‘ra, dunyoning eng boy 600 milliarderlari qatoridan o‘rin olgan. Uning umumiy kapitali taxminan 6-7 milliard dollar atrofida. Ivanishvili va u tomonidan asos solingan partiya rossiyaparast qonun loyihasini qo‘llayotgani va uning o‘zi boyligining katta qismini Rossiyada orttirgani Gruziyaning amaldagi hukumati sun’iy ravishda ruslar tomonga og‘ishayotganligiga dalil bo‘la olmaydi.

Gruziyani nimalar kutyapti?

Prezident vetosini bekor qilish uchun bir palatali parlamentning 150 nafar deputatidan kamida 76 nafarining roziligi talab qilinadi. Hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi esa 84 mandatga ega. Veto bekor qilingandan keyin qonun yana Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Agar Zurabishvili yana hujjatni imzolashdan bosh tortsa, uni parlament spikeri Shalva Papuashvili imzolaydi. E’lon qilinganidan keyin qonun kuchga kiradi. 

Bunga nisbatan okean ortidan darhol aks-sado keldi. AQSH Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyms O’Brayenning aytishicha, agar u yerda demokratiyaga putur yetkazilsa, Qo‘shma Shtatlar Gruziya hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy qiladi. AQSH Senatining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi va bir qancha demokratlar Gruziyaga qarshi sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi. 

Siyosatchilarga ko‘ra, sanksiyalar “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishini targ‘ib qilish yoki unga ko‘maklashish harakatlari uchun Gruziya hukumati amaldorlari va alohida fuqarolarni javobgarlikka tortishi kerak. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, Davlat departamenti Gruziya fuqarolari va ularning oila a’zolariga “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashda qatnashgani uchun sayohatga cheklov qo‘yishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, senatorlar Davlat departamentidan Gruziyaga nisbatan uzoq muddatli strategiya ishlab chiqishni, jumladan, harbiy yordamni qayta ko‘rib chiqish va Gruziya hukumatini barcha yo‘nalishlarda moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Qonunchilar, shuningdek, AQSH va Gruziya o‘rtasidagi strategik muloqotni butunlay to‘xtatib qo‘yishga chaqirdi.  Bu esa juda jiddiy qadam. Aynan so‘nggi taklif AQSH siyosiy elitasining qonun loyihasiga nisbatan qarshiligi o‘ta jiddiy ekanligini anglatadi. Qo‘shma Shtatlar Gruziya hukumatiga qarshi bosqichma-bosqich harakatlanish emas, balki darhol keskin va qat’iy javob berish yo‘lini tanladi.
 
Yevropa Ittifoqi rasmiylariga ko‘ra esa, “Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Yevropa qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi va bu qit’ada shakllangan demokratik prinsiplarga zid. Aslini olganda, mamlakat yurisdiksiyasida yevropalik siyosatchilar nazdida erkinlik va fuqarolik jamiyatiga putur yetkazadigan bunday mazmundagi qonunning mavjudligi Ittifoqqa kirish orzularini puchga chiqaradi. Ayniqsa, qonunning asosiy nishoni xorijdan turib moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalariga qaratilishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Hozircha kollektiv G‘arb dunyo hamjamiyatiga inson huquqlari va uning erkinligini himoyalash vajida Gruziyaga qarshilik qilayotganini aytib kelmoqda. Ammo bu faqatgina bizga aytilayotgan “chiroyli” sabab bo‘lishi ham mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Gruziya Evropa ittifoqi Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing