Oliy Bosh qo‘mondon Zangiotadagi yangi harbiy qismni borib ko‘rdi
Jamiyat
−
26 dekabr 2019
10135O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda harbiy qism qayta tashkil etilib, yangi zamonaviy harbiy shaharchada joylashtirilgan edi.
Prezident bu yerdagi sharoitlar, o‘quv-tarbiya jarayoni, zamonaviy ta’lim vositalari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani bilan tanishdi.
Tashrif chog‘ida harbiy xizmatchilar, vazirlik va idoralar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati, texnika yo‘nalishidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Harbiy ta’limni rivojlantirish, aloqa bo‘yicha harbiy mutaxassislarni saralash va tayyorlashning keng ko‘lamli tizimini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi choralar belgilab olindi.
Davlat rahbariga harbiy qismda amalga oshirilgan qurilish ishlari, mudofaa tizimida aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, jangovar va o‘quv tayyorgarlik jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev harbiy qism ixtiyoridagi maxsus texnika va aloqa vositalarining namunalari bilan tanishdi.
LiveBarchasi