Olimpiadaning 9-kunida o‘zbekistonlik sportchilar qanday natija qayd etdi?
Sport
−
01 avgust 2021
12191Olimpiya o‘yinlarining 9-kunida sportning boks, yunon-rum kurashi, yengil va og‘ir attletika turlari bo‘yicha 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi bahslarda ishtirok etdi va faqatgina bokschi Bahodir Jalolov Olimpiada medalini naqd qildi.
Boks. +91 kg vazn toifasida jahonning 1-raqamli bokschisi Bahodir Jalolov hindistonlik Satish Kumarni 5:0 hisobida yengib, yarim finalga chiqdi. Bu esa eng kamida bronza medalni kafolatlaydi. Jalolov oltin medalga asosiy da’vogar hisoblanadi.
Bahodir Jalolov navbatdagi jangini 4 avgust kuni Olimpiada yarim finali doirasida britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi ringga ko‘tariladi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 13:00 ga belgilangan.
Yengil atletika. Uzunlikka sakrash bellashuvlarida o‘zbekistonlik Darya Reznichenko ikki urinish yakuniga ko‘ra, 13-o‘rinni egalladi. “V” guruhida ishtirok etgan sportchi 6.19 metr natija qayd etdi.
Yunon-rum kurashi. 60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Elmurod Tasmurodov birinchi bellashuvdayoq ukrainalik Lenur Temirovga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ta’kidlab o‘tish joiz, Rio Olimpiadasida Tasmurodov bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
130 kg vazn toifasida esa Mo‘minjon Abdullayev ilk bosqichda estoniyalik raqibi Artur Vititinni 8:0 hisobida yengdi. Lekin chorak finalda chililik Yasmani Fernandesga 0:2 hisoida imkoniyatni boy berdi.
Bugun kurashgan har ikki o‘zbekistonlik sportchi Olimpiadani medalsiz yakunladi.
Og‘ir atletika. 76 kg vaznda ilk marotaba Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan Kumushxon Fayzullayeva dast ko‘tarishda 101 kg, siltab ko‘tarishda 126 kg og‘irlikni zabt etib, “A” guruhida 6-o‘rinni egalladi va musobaqani yakunladi.
LiveBarchasi